Oʻzbekiston va Malayziyaning MDA tibbiyot asbob-uskunalari sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Oʻzbekiston va Malayziyaning MDA tibbiyot asbob-uskunalari sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Malayziya Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Malayziya Tibbiy buyumlar boshqarmasi (MDA) vakillarining mamlakatimizga tashrifi "Tashkent Pharma Park" innovatsion farmatsevtika klasteri faoliyati bilan yaqindan tanishishdan boshlandi.
Xorijiy mehmonlarga klaster hududida barpo etilayotgan zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va laboratoriya majmualari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida tibbiy buyumlar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Markaz direktori Alisher Temirov hamda MDA ijroiya direktori Dr. Muralitharan Paramasua boshchiligidagi mutaxassislar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida o’tgan yili imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi. Tomonlar memorandum ijrosini izchil davom ettirish hamda tibbiy jihozlar xavfsizligini ta’minlash borasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.
Muloqot chog‘ida joriy yil iyun oyida boshlanadigan Malayziya ekspertlarining maxsus missiyasiga alohida e’tibor qaratildi. MDA mutaxassislari Markaz faoliyatiga texnik ko‘mak berish, xalqaro benchmarking jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rish hamda normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, laboratoriya faoliyati va kadrlar salohiyatini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, tarmoqlararo solishtirma sinov-tekshiruvlarini hamkorlikda tashkil etish, Markaz mutaxassislari uchun MDA bazasida maxsus o‘quv va stajirovka dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Ma’lumot uchun, Medical Device Authority (MDA) Malayziyada tibbiy buyumlar aylanmasini nazorat qiluvchi hamda xalqaro standartlarni joriy etuvchi nufuzli davlat organi hisoblanadi.