Ferrit O'zbekistonda konchilik uskunalari ishlab chiqarishni yo'lga qo'yishi mumkin
Ferrit O'zbekistonda konchilik uskunalari ishlab chiqarishni yo'lga qo'yishi mumkin
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 15-may kuni ISSV vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev Shvetsiyaning "Ferrit" kompaniyasi mintaqaviy direktori Dmitriy Nagorniy bilan uchrashdi.
1993-yilda tashkil etilgan Shvetsiyaning "Ferrit" kompaniyasi kon-metallurgiya uskunalarini loyihalash va ishlab chiqarish, shuningdek, yer osti logistikasi va tonnel qurilishi yechimlariga ixtisoslashgan. 2024-yil yakunlariga ko‘ra, korxona tog‘-kon texnikasini ishlab chiqaruvchi dunyodagi eng yirik 50 ta kompaniya ro‘yxatiga kirdi. Bugungi kunda kompaniya dunyoning to‘qqizta mamlakatida, jumladan, Xitoy, Polsha, Meksika va Qozog‘istonda o‘z filiallari hamda servis markazlariga ega.
Muzokaralar davomida xorijiy tomon O‘zbekistonda yaratilgan investitsiyaviy muhitni yuqori baholadi va geologiya sohasida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga katta qiziqish bildirdi. Bunda "Ferrit" kompaniyasining respublikamizda tog‘-kon sanoati ehtiyojlari uchun texnikalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga tayyorligiga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar chiqarish uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni muhokama qildilar. Uchrashuv yakunida loyihalarni tez fursatlarda amaliy bosqichga o‘tkazish maqsadida investitsiyaviy hamkorlikning samarali mexanizmlarini shakllantirish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishildi.