Oʻzbekiston delegatsiyasi Halabdagi toʻqimachilik fabrikasiga tashrif buyurdi
Oʻzbekiston delegatsiyasi Halabdagi toʻqimachilik fabrikasiga tashrif buyurdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Halab shahrida joylashgan “Al Faisal Spinning” to‘qimachilik korxonasiga tashrif tashkil etildi. Mazkur korxona ip yigirish sohasida faoliyat yuritib, sintetik hamda aralash tolalar asosida yuqori sifatli ip mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Korxona mahsulotlari to‘qimachilik sanoati uchun muhim xomashyo manbai hisoblanadi. Ayni paytda bu yerda 400 dan ortiq ishchi mehnat qilib, ishlab chiqarish jarayonlari zamonaviy texnologiyalar asosida yo‘lga qo‘yilgan.
Tashrif davomida delegatsiya aʼzolari ishlab chiqarish quvvatlari, texnologik jarayonlar va mahsulot turlari bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, to‘qimachilik sohasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, “Al Faisal Spinning” korxonasi Halab to‘qimachilik sanoatida muhim o‘rin egallab, ichki va tashqi bozorlarga mahsulot yetkazib berishda faol ishtirok etib kelmoqda.