Toshkent aeroportida opera fleshmobi bo'lib o'tdi
Toshkent aeroportida opera fleshmobi bo'lib o'tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent xalqaro aeroportida Engelberg Opera Festival 2026 doirasida noodatiy musiqiy fleshmob bo‘lib o‘tdi. Uchib kelish zalida yo‘lovchilar va kutib oluvchilarni xor va orkestr ishtirokidagi kutilmagan operaviy chiqish qarshi oldi.
Musiqiy aksiya aeroportning ikki hududida — bagajni qabul qilish hududi hamda kutib oluvchilar uchun mo‘ljallangan kutish zonasida tashkil etildi. Mamlakatga yetib kelgan mehmonlar, jumladan xorijiy yo‘lovchilar uchun bu chiqish O‘zbekiston bilan tanishuvning ilk daqiqalaridanoq Toshkentning madaniy muhitini his etish imkonini yaratdi.
Keng ko‘lamli fleshmobda qariyb 50 nafar ishtirokchi — musiqachilar va O‘zbekiston yoshlar xorining solistlari qatnashdi. Jonli ijroda operaviy asarlar va mashhur saundtreklar yangradi. Orkestr tarkibidan skripka, violonchel, altlar, fleyta, saksafon, klavishli hamda zarbli cholg‘ular o‘rin oldi.
Bunday madaniy tashabbuslar aeroport makoniga yangicha mazmun bag‘ishlaydi — uni nafaqat muhim transport nuqtasi, balki minglab yo‘lovchilar uchun mamlakat haqidagi ilk taassurot shakllanadigan maskan sifatida namoyon etadi.
Mazkur fleshmob O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib qilish, mamlakatning ijobiy imijini mustahkamlash hamda mehmonlar uchun yorqin taassurotlar yaratishga qaratilgan madaniy tadbir bo'ldi.