Qo‘riqlash xizmatiga yangi vakolatlar berildi
Qo‘riqlash xizmatiga yangi vakolatlar berildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritildi. Ularga ko‘ra, ichki ishlar organlari huzuridagi qo‘riqlash xizmati mansabdor shaxslariga ayrim maʼmuriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish va javobgarlik choralarini belgilash huquqi berildi.
Yangi normalarga muvofiq, qo‘riqlash xizmati bo‘linmalari boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari jamoat tartibini buzish bilan bog‘liq qator ishlar bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatiga ega bo‘ldi.
Ularning vakolatiga jamoat joylarida tamaki mahsulotlari va alkogol isteʼmol qilish, belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash, voyaga yetmaganlarni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish, shuningdek maishiy shovqinga qarshi kurash qoidalarini buzish kabi huquqbuzarliklar kiritildi.
Bundan tashqari, ular mayda o‘g‘irlik, mayda bezorilik, diniy materiallarni noqonuniy tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish, qurol bilan muomala qilish qoidalarini buzish va sovuq qurol olib yurish bilan bog‘liq ishlarni ham ko‘rib chiqishi mumkin.
Shuningdek, voyaga yetmaganlarni maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishga jalb qilish holatlari ham ular vakolatiga kiritildi.