Oʻzbekiston va Xitoy bojxona sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqd
Oʻzbekiston va Xitoy bojxona sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqd
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Pekin shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasining Xitoy Xalq Respublikasidagi rasmiy vakili K.Kadirov hamda Xitoy Bojxona brokerlari assotsiatsiyasi (CCBA) rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda bojxona rasmiylashtiruvi sohasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash, tovarlar harakatidagi ma’muriy va logistika to‘siqlarini kamaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar chog‘ida eksport va ko‘rgazma yuklarini rasmiylashtirish, tijorat va transport hujjatlarini sifatli tayyorlash, malakali bojxona brokerlari bilan ishlash hamda savdo jarayonlarida kechikishlar xavfini kamaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar mazkur hamkorlik tadbirkorlar uchun amaliy ko‘mak mexanizmlarini kuchaytirishi, xususan, bojxona tartib-taomillari bo‘yicha maslahatlashuvlar yo‘lga qo‘yilishi va brokerlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida ishchi aloqalarni davom ettirish, axborot-tahliliy materiallar almashish, qo‘shma maslahatlashuv tadbirlarini tashkil etish hamda O‘zbekiston va Xitoyning sohaviy assotsiatsiyalari o‘rtasida bevosita hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.