Oʻzbekiston Senati shartli ravishda ozod qilish va shartli ozod qilish ustidan nazoratni kuchaytirdi.
Oʻzbekiston Senati shartli ravishda ozod qilish va shartli ozod qilish ustidan nazoratni kuchaytirdi.
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, Qonun inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, jinoyat-ijroiya tizimini yana-da takomillashtirish hamda probatsiya institutining samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Qonunda bir qator muhim yangiliklar nazarda tutilmoqda. Xususan, Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgarishlarga muvofiq jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazorat kuchaytirilib, ularning vakolatli organlarga vaqti-vaqti bilan kelib ro‘yxatdan o‘tib turish majburiyati belgilanmoqda.
Shuningdek, sudga shartli ozod qilingan shaxs zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni to‘liq yoki qisman bekor qilish masalasini ko‘rib chiqishda advokat yoki shaxsning o‘zi iltimosnoma kiritishi uchun imkoniyat yaratilmoqda.
Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar orqali shartli ozod qilishni bekor qilish tartibi aniqlashtirilib, ushbu masalalarni ko‘rib chiqish mahkum istiqomat joyidagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudi sudyasi tomonidan hal qilinishi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, Jinoyat-ijroiya kodeksi yangi bob bilan to‘ldirilib, shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazoratning huquqiy mexanizmlari, ularning majburiyatlari va nazoratni tugatish tartibi belgilanmoqda.
“Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi Qonunga tergov hibsxonalarida ushlab turilgan shaxslar dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlari kamida ikki soat sayr qilishi hamda qo‘shimcha tarzda kiyim-bosh hamda poyabzal olishi belgilanmoqda. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarini va eng zarur narsalarni sotib olish uchun ularga belgilangan pul miqdorini mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining bir baravarigacha oshirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Senat aʼzolari taʼkidlaganidek, mazkur Qonun jamiyatda huquqbuzarliklarning oldini olish, shaxslarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish va inson huquqlarini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Senatorlar Qonunni maʼqulladi.