YXHT sun’iy intellekt va uning OAV erkinligiga ta’siri bo‘yicha muloqotni qo‘llab-quvvatlamoqda
YXHT sun’iy intellekt va uning OAV erkinligiga ta’siri bo‘yicha muloqotni qo‘llab-quvvatlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yaqin-yaqingacha ilmiy fantastika syujeti bo‘lib tuyulgan narsa bugun har kuni sodir bo‘lmoqda - sun’iy intellekt tahririyatlari va millionlab odamlarning smartfonlarida mustahkam o‘rnashib, turli ijodiy va kasbiy sohalarda insonning hammuallifi va ayni paytda asosiy raqibiga aylanmoqda.
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi hamda YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori bilan hamkorlikda tashkil etilgan davra suhbatida sun’iy intellekt texnologiyalarining zamonaviy jurnalistikaga ta’siri muhokama qilindi.
Tadbir davomida ishtirokchilar sun’iy intellekt texnologiyalari rivojlanishi va media sohasining barqarorligi o‘rtasidagi muvozanatni qanday saqlash, yirik texnologik platformalarning o‘sib borayotgan ta’siri sharoitida ommaviy axborot vositalari erkinligini qanday ta’minlash masalalarini muhokama qildilar.
O‘tgan yili Toshkentda bo‘lib o‘tgan YXHTning Markaziy Osiyo media-konferensiyasida taqdim etilgan YXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakilining qo’llanmasiga alohida e’tibor qaratildi.
“Yirik texnologik platformalar va sun’iy intellekt davrida OAV erkinligini himoya qilish” deb nomlangan ushbu qo‘llanmada, YXHT majburiyatlariga tayangan holda, manfaatdor tomonlar o‘rtasida puxta va atroflicha muhokamalar olib borish, shuningdek, OAV plyuralizmi va mustaqilligini qo‘llab-quvvatlash hamda axborotni buzib talqin qilish, chalg‘itish va jamiyatda bo‘linishlarni keltirib chiqarishga qarshi kurashishga qaratilgan proaktiv siyosatlarni ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlanadi.
Jurnalistikaning taqdiri yana bir muhim mavzu bo‘ldi. Ishtirokchilarning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt tahririyatlarga yordam berishi mumkin - masalan, kundalik vazifalarni avtomatlashtirish yoki ma’lumotlar bilan ishlashni tezlashtirish. Lekin u jurnalistning o‘rnini to‘liq bosa olmaydi.
Konferensiya davlat organlari, texnologiya kompaniyalari, jurnalistlar va fuqarolik jamiyati o‘rtasida ochiq muloqotga chaqiriq bilan yakunlandi. Ishtirokchilar ommaviy axborot vositalarining kelajagi nafaqat texnologiyalarga, balki raqamli asrda odamlar qanday qadriyatlarni saqlab qolishi mumkinligiga ham bog‘liq degan yakdil fikrga kelishdi.