Senat kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish to'g'risidagi qonunni ma'qulladi

Senat kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish to'g'risidagi qonunni ma'qulladi

Senat kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish to'g'risidagi qonunni ma'qulladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimiz iqtisodiyotini innovatsion jihatdan rivojlantirishni rag‘batlantirishga, mazkur sohadagi ijodiy salohiyatni iqtisodiy qiymatga aylantirishga hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishga, yoshlar va tadbirkorlarning ijodiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, kreativ iqtisodiyotning izchil rivojlantirilishini taʼminlash ushbu sohadagi subyektlar uchun yana-da qulay shart-sharoitlar, rag‘batlantiruvchi mexanizmlar yaratishni va imtiyozlar berishni taqozo etmoqda.

Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Kreativ industriya parki rezidentlari tomonidan amalga oshiriladigan loyihalarga jalb qilingan mutaxassislar uchun ayrim soliq imtiyozlari berilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, 2026-yildan 2030-yilga qadar bo‘lgan davrda chet el kontragentlari qo‘shilgan qiymat solig‘i, to‘lov manbaida foyda solig‘i va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi. Bunda ushbu imtiyoz chet el kontragentlari kreativ industriya sohasiga bevosita bog‘liq bo‘lgan ishlarni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish uchun jalb etilganda qo‘llanilishi belgilanmoqda.

Senat aʼzolari o‘z chiqishlarida ushbu imtiyozlar faqat kreativ sohadagi ish va xizmatlarga qo‘llanilishi sohaga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, loyihalar sifati va hajmini oshirish hamda milliy kreativ mahsulotlarni xalqaro bozorga chiqarish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishini taʼkidladilar.

Shuningdek, amaliyotda kreativ industriya parki rezidenti maqomini olish uchun subyektning biznes rejasi maʼqullanishi va jami yillik daromadining kamida 80 foizi kreativ sohadagi faoliyatdan shakllanishi shart etib belgilangan. Qonun bilan esa yangi tashkil etilgan subyektlar uchun bu talab dastlabki bosqichda qo‘llanilmasligi, ammo moliya yili yakunlariga ko‘ra talablar bajarilmasa, soliq imtiyozlari qayta hisoblanishi va byudjetga undirilishi belgilanmoqda.

Senatorlar qayd etganidek, mazkur Qonun kreativ industriyani qo‘llab-quvvatlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro va davlatlararo madaniy tadbirlarni samarali tashkil etish hamda sohada barqarorlik va adolatli raqobatni taʼminlashga xizmat qiladi.

Senatorlar Qonunni maʼqulladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling