Mirziyoyev 938 ming gektar yerni muomalaga kiritish haqida farmon imzoladi
Mirziyoyev 938 ming gektar yerni muomalaga kiritish haqida farmon imzoladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2026 yil 8 may kuni mamlakatning tog‘li, tog‘ oldi, adir va cho‘l hududlaridagi 938 ming gektar lalmi va yaylov yerlarni qishloq xo‘jaligi muomalasiga kiritish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Hujjat xususiy sektorni auksion mexanizmi orqali jalb qilishni hamda davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash paketini nazarda tutadi.
Dasturni amalga oshirish uchun 300 million dollar ajratiladi. Ushbu mablag‘ning 100 million dollari Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan taqdim etiladi. Mablag‘lar Agrobankka milliy valyutada 10 yil muddatga, jumladan to‘rt yillik imtiyozli davr bilan, yillik 10 foiz stavkada yo‘naltiriladi.
Yana 200 million dollarni Agrobank 2026–2027 yillarda xorijiy moliyaviy institutlardan mustaqil ravishda jalb qilishi lozim. Auksion g‘oliblari bo‘lgan yakuniy oluvchilarga bank har bir gektar uchun 20 million so‘mgacha bo‘lgan imtiyozli kreditlarni 10 yil muddatga yillik 14 foiz stavkada taqdim etadi.
Belgilangan meʼyorlardan yuqori foiz yuki kompensatsiyasini maxsus jamg‘arma hisobidan «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyati qoplaydi. Kafolat taʼminotini esa Qarz oluvchi kamida 20 foiz garov taqdim etgan taqdirda, Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi taʼminlaydi.
Yerlarni taqsimlash mexanizmi to‘liq raqamli formatga o‘tkazildi. Yer uchastkalari “E-auksion” platformasi orqali tayyor yer tuzish loyihasi va texnik-iqtisodiy asos bilan birgalikda elektron savdolarga chiqariladi.
Har bir yer uchastkasini muomalaga kiritish muddati ajratilgan vaqtdan boshlab ikki yil bilan cheklanadi. Ushbu talab bajarilmagan taqdirda qattiq sanksiyalar qo‘llanadi. Jumladan, yerga bo‘lgan huquq bekor qilinadi va yer qayta auksionga chiqariladi, imtiyozli kreditlar tijorat kreditlariga o‘tkazilib, bir martalik undiruv amalga oshiriladi, shuningdek, olingan subsidiya va imtiyozlar qaytariladi.
Shu bilan birga, farmon loyiha tashabbuskorlarini ularga bog‘liq bo‘lmagan obyektiv sabablar tufayli yerni muomalaga kiritish imkoni bo‘lmagan holatlarda javobgarlikdan himoya qiladi. Bunday vaziyatda sarflangan xarajatlar texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqishda ishtirok etgan masʼul tashkilotlar tomonidan qoplab beriladi.
Dasturni texnik jihatdan taʼminlash maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligiga bir oy muddatda respublika byudjetidan hududlarga teng ulushlarda 50 milliard so‘m ajratish topshirildi. Ushbu mablag‘lar drenaj tarmoqlarini tozalash uchun buldozer va ekskavatorlar xaridiga yo‘naltiriladi.
Qo‘shimcha ravishda, har bir hudud 2026 yilning birinchi va ikkinchi choraklari yakunlari bo‘yicha mahalliy byudjetning ortiqcha daromadlari hisobidan xuddi shunday texnikalarni xarid qilish uchun to‘rt milliard so‘mdan ajratishi shart.
Sotib olingan texnikalar loyiha ishtirokchilariga xizmat ko‘rsatish uchun hududiy suv xo‘jaligi bo‘linmalari tasarrufiga beriladi. Shu bilan birga, Suv xo‘jaligi vazirligi zarur irrigatsiya va melioratsiya infratuzilmasini yaratishi hamda muomalaga kiritilayotgan maydonlarni suv bilan taʼminlashi lozim.
Farmonning ekologik talablaridan biri sifatida har bir kesilgan daraxt yoki butaning o‘rniga birga bir nisbatda kompensatsion ko‘chat ekish va ularni kamida ikki yil parvarish qilish majburiyati belgilandi.