Ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi Oʻzbekiston Qonunchilik palatasida ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqilmoqda.

Oʻzbekiston ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qoʻllab-quvvatlashni kuchaytiradi

Ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi Oʻzbekiston Qonunchilik palatasida ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqilmoqda.

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi Oʻzbekiston Qonunchilik palatasida ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqilmoqda.

Qonun loyihasi bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini xalqaro standartlar asosida yanada mustahkamlash, ularning odil sudlovdan to‘liq va teng foydalanishini ta’minlash, ijtimoiy himoya tizimini manzilli va samarali tashkil etish nazarda tutilmoqda. Xususan, loyihada “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan oilalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yagona mexanizmini joriy etish taklif etilmoqda.

Unga muvofiq, ijtimoiy xizmatlar, nafaqalar, imtiyozlar va boshqa kafolatlar Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga taqdim etiladi. Bundan tashqari, Soliq kodeksiga nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlashni rag‘batlantiruvchi qator imtiyozlar kiritilmoqda. Jumladan, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan yuridik shaxslar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanmoqda. Nogironligi bo‘lgan xodimlarga yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq ayrim xarajatlarni soliq bazasidan chegirish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnat qilayotgan korxonalar uchun, mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha qo‘shimcha yengilliklar berish taklif qilinmoqda. Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy bo‘linmalariga ortiqcha to‘langan nafaqalarni undirish yuzasidan sudga murojaat qilishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilish belgilanyapti.
Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida undagi normalar deputatlar bergan takliflar asosida takomillashtirildi.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi bilan ijtimoiy yordam va xizmatlarning manzilliligi ta’minlanadi, aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.

Qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling