Zamin Great City qurilish kompaniyasiga nisbatan topshirilmagan kvartira uchun ish qo‘zg‘atildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentning Bektemir tumanida joylashgan kvartira uchun 252,6 million so‘mdan ortiq pul to‘lagan fuqaro shikoyati asosida Zamin Great City qurilish kompaniyasiga nisbatan raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ish qo‘zg‘atdi.
Shartnoma bo‘yicha umumiy maydoni 39,47 m² bo‘lgan ikki xonali kvartira 2024 yilning to‘rtinchi choragida foydalanishga topshirilishi kerak edi. Biroq, qurilish to‘xtatilgan va xonadon xaridorga topshirilmagan.
Qo‘mita maʼlum qilishicha, “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasiga asosan, shartnoma majburiyatlari bajarilmagan taqdirda, isteʼmolchi shartnomani bekor qilish, to‘langan mablag‘ini qaytarish va yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega. Ijrochi esa penya to‘lash majburiyatini oladi.
Shikoyat asosida maxsus komissiya tashkil qilinib, mazkur ish qo‘zg‘atildi. Zamin Great City kompaniyasiga qurilish muddatlariga rioya etilishi va isteʼmolchilarning mulkiy huquqlari himoya qilinishi yuzasidan nazorat choralari belgilandi.
Qo‘mita fuqarolarni pudratchilar bilan shartnoma tuzishda eʼtiborli bo‘lishga, qurilish kompaniyalarini esa o‘z majburiyatlarini qatʼiy bajarishga chaqirdi.