Valyuta kurslari 20/06/2025
$1 – 12559.26
UZS – -0,47%
€1 – 14413.01
UZS – -0,71%
₽1 – 160.17
UZS – -0,41%
Qidirish
Iqtisod 11/05/2025 Yurtimiz dunyoning go‘sht arzon sotiladigan davlatlari qatorida

Yurtimiz dunyoning go‘sht arzon sotiladigan davlatlari qatorida

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Jahon bo‘ylab go‘sht mahsulotlari narxining o‘sishi fonida, O‘zbekiston go‘shtga nisbatan eng maqbul narxlar saqlanayotgan davlatlardan biri sifatida qolmoqda. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi bayonotida maʼlum qilingan.

FAO maʼlumotlariga ko‘ra, jahon bozorida narxlarning o‘sishiga ishlab chiqarish surʼatining sekinlashuvi, yirik import qiluvchi davlatlar tomonidan talab oshishi, shuningdek, yem-xashak va logistika xarajatlarining oshib borishi sabab bo‘lmoqda. Jumladan, joriy yil boshidan Rossiyada tovuq go‘shti narxi 9,7% ga, Qozog‘istonda 4,7% ga oshgan. Bu sharoitda O‘zbekistondagi go‘sht narxlari nisbatan barqaror bo‘lib qolmoqda.

Mutaxassislar fikricha, ayni paytda yurtimizdagi bozorlarning arzonlashtirilgan rastalarida 1 kg mol va qo‘y go‘shti o‘rtacha 65-75 ming, savdo rastalarida 90-95 ming, savdo markazlarida esa 95-100 ming so‘mdan sotilmoqda. 

Toshkent shahridagi arzonlashtirilgan rastalarda 65-75 ming so‘mlik go‘shtni xaridorlarning 15-18 foizini, 90-95 ming so‘mlik ro‘zg‘orbop go‘sht esa 82-85 foizini, 110-130 ming so‘mlik suyaksiz (lahm) go‘sht esa atigi 1-2 foizini tashkil etadi. 

Yana bir jihat, poytaxt bozorlarida go‘shtni aholining xarid qobiliyatiga mos ravishda qismlarga bo‘lib sotish yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, go‘shti ajratilgan suyak (ragu) 25-30 ming so‘m, qovurga 85-95 ming so‘m, suyaksiz go‘sht (lahm) esa 110-130 ming so‘m atrofida. 

Taqqoslaydigan bo‘lsak, Rossiyada 1 kg mol go‘shti 10-12, Belarusda 6-8, Qozog‘istonda 7-11, Tojikistonda 8-10, Gruziyada 9,5-12, Ozarbayjonda 9,5-12,5, Turkiyada 12-14 dollar, shuningdek, iqtisodiyoti rivojlangan davlatlar Shvetsiyada 46,2, Islandiyada 38,86, Janubiy Koreyada esa 28 dollar atrofida sotilmoqda. 

Bundan ko‘tinib turibdiki, O‘zbekiston dunyoning go‘sht eng arzon sotiladigan davlatlari qatorida bo‘lib, Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida Qirg‘izistondan keyingi ikkinchi o‘rinni egallaydi. 

Go‘sht ishlab chiqarishga bevosita taʼsir ko‘rsatuvchi omillarni ham tahlil qiladigan bo‘lsak, 2025 yilning birinchi choragida go‘sht ishlab chiqarish bilan bog‘liq xarajatlar – jumladan, yem-ozuqa, elektr energiyasi va yoqilg‘i-moylash materiallari narxlari keskin oshgan.

Shuningdek, chorvachilikda go‘sht yetishtirish uchun kuchli ozuqaga bo‘lgan talab yuqoriligi, ozuqa yetishtirish uchun yer maydonlarining yetishmasligi tufayli chorva mollarini ozuqa bilan taʼminlanish darajasining 35-40 foizini tashkil etmoqda.

2024 yil oktyabr oyidagi narxlar bilan solishtirilganda, bugungi kunda shrot narxi 3 ming so‘mdan 7 ming so‘mga, sheluxa 2 800 so‘mdan 4 ming so‘mga, omuxta yem 2 900 so‘mdan 3 700 so‘mga, bug‘doy 2 200 ming so‘mdan 3 500 ming so‘mga, makkajo‘xori silosi 500 so‘mdan 900-1 000 so‘mga, somon 15 ming so‘mdan 25 ming so‘mga, beda esa 25 ming so‘mdan 45 ming so‘mga oshgan.

Ozuqa xarajatlari, mehnatga haq to‘lash va elektr energiyasi xarajatlarining oshishi ham go‘sht tannarxiga bevosita taʼsir ko‘rsatayganini alohida taʼkidlash zarur.

2024 yilda umumiy 2 million 900 ming tonna tirik vaznda (1 million 700 ming tonna so‘yilgan vaznda) go‘sht ishlab chiqarilgan. 93 ming tonna go‘sht import qilingan. Ishlab chiqarilgan go‘shtga nisbatan import salmog‘i 5,4 foizni tashkil qilgan.

Import qilingan go‘shtning 70 foizi qayta ishlash korxonalariga yo‘naltirilgan bo‘lsa, qolgan qismi Toshkent shahri dehqon bozorlaridagi arzonlashtirilgan rastalarda sotilgan.

So‘nggi besh yilda chorvachilik sohasida olib borilgan islohotlar natijasida chorvachilik korxonalarida mol soni ikki barobar, ishlab chiqarilayotgan chorvachilik mahsulotlari hajmi esa uch barobar oshgan.

Naslchilik korxonalari soni 400 tadan 1 900 taga yetkazilgan bo‘lsa, zoti yaxshilangan qoramollar ulushi 30-35 foizdan 70-75 foizga ko‘tarilgan.

Aholini yuqori sifatli go‘sht bilan taʼminlash maqsadida Hukumat tomonidan tasdiqlangan maxsus dasturlar asosida tizimli ishlar davom etmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling