Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda gender sezgir byudjetlashtirishni qo‘llab-quvvatlaydi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Genderga yo‘naltirilgan siyosat va byudjetlarni ilgari surish: O‘zbekistonda shaffof, inklyuziv va hisobdor boshqaruv sari” loyihasi rasman ishga tushirildi. Mazkur yangi loyihani Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ayollar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tuzilmasi – BMT Ayollar amalga oshiradi.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan yaqindan hamkorlikda olib boriladi va mamlakatning gender tengligini ta’minlash borasidagi ustuvor yo‘nalishlariga javob bo‘lib xizmat qiladi. Yangi loyiha gender tengligini byudjet qarorlarini qabul qilish va milliy rivojlanish strategiyalarining ajralmas qismi sifatida ko‘rib chiqish uchun institutsional mexanizmlarni yaratish orqali bu harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
“O‘z rejalashtirish va byudjetlashtirish jarayonlarimizga gender tahlilini kiritish orqali biz yanada samarali boshqaruvni yaratamiz – u turli ijtimoiy guruhlarning ehtiyojlariga javob beradi va hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaydi. Gender sezgir byudjetlashtirish bizga yanada shaffof, inklyuziv va natijaga yo‘naltirilgan davlat moliyasini ta’minlashda yordam beradi. Bu esa milliy taraqqiyot maqsadlarimizga erishish uchun nihoyatda muhim. Shu nuqtai nazardan, loyiha ayniqsa ayollar va qizlarning hayotini yaxshilashda adolatliroq byudjetlashtirish uchun amaliy va o‘zgarishga olib keluvchi vosita bo‘lib xizmat qiladi,” – deydi Shohruh Ishankulov, Davlat byudjeti siyosati departamenti direktorining o'rinbosari, O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi..
“Gender sezgir byudjetlashtirish O‘zbekiston qizlari va ayollarini yanada kuchli qiladi. Shu bois, Yevropa Ittifoqi BMT Ayollar bilan hamkorlikda O‘zbekiston moliya tizimi organlarini gender sezgir byudjetlashtirish amaliyotini muntazam milliy siyosat va byudjetlashtirish jarayonlariga joriy etishda qo‘llab-quvvatlayotganidan faxrlanadi. Bu yondashuv resurslarni gender tengsizliklarini bartaraf etishga yo‘naltirishga yordam beradi, ayollar va qizlar ham davlat xizmatlari, iqtisodiy imkoniyatlar va qaror qabul qilish jarayonlariga teng kirish huquqiga ega bo‘lishlarini ta’minlaydi,” – deydi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar Janobi Oliylari.
“O‘zbekiston gender tengligi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish yo‘lida muhim qadam tashladi. Ushbu loyiha davlat resurslari gender tafovutlarini bartaraf etish va ko‘pincha chetda qoladigan guruhlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilganligini ta’minlash orqali hisobdorlikni kuchaytiradi,” – deydi BMT Ayollar’ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktor o‘rinbosari Eliza Fernandez Saens.
“O‘zbekiston hukumati, Yevropa Ittifoqi va BMT Ayollar o‘rtasidagi ushbu hamkorlik gender sezgir byudjetlashtirishni amalga oshirish orqali davlat moliyasini boshqarish yondashuvini tubdan o‘zgartirish qudratiga ega. Bu butun mamlakat bo‘ylab ayollar va erkaklar uchun yanada samarali natijalarga olib keladi,” – deydi BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl.
Loyiha haqida ma’lumot:
Loyiha 2025-yil 26-may kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi tadbir davomida rasman ishga tushirildi. Ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, BMT Ayollar’ning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy vakolatxonasi, BMT Ayollar’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston gender tengligini ta’minlash yo‘lida muhim yutuqlarga erishdi. Bunga 2030-yilgacha mo‘ljallangan Gender tengligi strategiyasining qabul qilinishi, parlamentda Yoshlar, ayollar, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha qo‘mitaning tashkil etilishi hamda ayollar huquqlariga oid qonunchilikda amalga oshirilgan islohotlar misol bo‘la oladi. Gender sezgir byudjetlashtirish loyihasi ushbu sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi hamda gender tengligini byudjet qarorlarini qabul qilish va milliy taraqqiyot strategiyalarining ajralmas qismi sifatida mustahkamlovchi institutsional mexanizmlarni yaratishga xizmat qiladi.
Ushbu tashabbus Iqtisodiyot va moliya vazirligining salohiyatini kuchaytirish va Qishloq xo‘jaligi vazirligini sinov vazirligi sifatida jalb qilish orqali ayollar hayotini yaxshilashga va eng zaif guruhlar manfaatlarini inobatga olgan holda gender nuqtai nazarini milliy hamda mahalliy darajadagi siyosat, rejalashtirish va byudjetlashtirish jarayonlarining barcha bosqichlariga tizimli va barqaror tarzda integratsiya qilishga qaratilgan.
Mazkur jarayon 2024-yil oktyabr oyida BMT Ayollar tomonidan ajratilgan boshlang‘ich mablag‘ yordamida start oldi. Ushbu dastlabki bosqichda turli vazirliklarning 30 nafar davlat xizmatchisining gender sezgir byudjetlashtirish bo‘yicha tushunchasini oshirish va amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha salohiyati kuchaytirildi.
Keyingi ikki yil davomida loyiha O‘zbekistonning Davlat moliyaviy boshqaruvi (PFM) [1]islohotlari hamda Barqaror rivojlanish maqsadlari, xususan 5-maqsad va 5.c.1-vazifasi bilan muvofiq holda gender sezgir byudjetlashtirishni amalga oshirish bo‘yicha milliy va mahalliy darajadagi imkoniyatlarni mustahkamlashni ko‘zda tutadi. Shu orqali loyiha mamlakatdagi gender tenglikni ta’minlovchi mexanizmlarni mustahkamlash, inklyuziv va shaffof boshqaruvni ilgari surish orqali ayollarning yer va mulk egasi bo‘lishdagi cheklovlari, yuqori darajadagi qashshoqlik va iqtisodiyotning yuqori qiymatli sohalarida ularning kam ishtirok etish kabi chuqur ildiz otgan tizimli to‘siqlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston o‘z oldiga qashshoqlikni yarmiga kamaytirish va yalpi ichki mahsulotni ikki baravarga oshirish kabi katta maqsadlarni qo‘ygan bir paytda, gender sezgir byudjetlashtirish loyihasi ayollar va qizlar uchun milliy hamda mahalliy byudjetlarni eng samarali yo‘naltirishda kuchli vosita bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birga, u samarali monitoring mexanizmlarini ham taklif etadi.