YETTB: 2025 yilda O‘zbekiston YAIM o‘sishi 6% ni tashkil etadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) "Hududiy iqtisodiy istiqbollar" hisobotiga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6% ga o‘sadi.
Bank maʼlumotlariga ko‘ra, 2024 yilda mamlakat YAIM 6,5% ga oshdi. Ilgarigi, sentyabr oyidagi prognozda 6% o‘sish kutilgan edi. 2025 yilda iqtisodiy o‘sish 6% ga sekinlashishi va 2026 yilda ham shu darajada saqlanishi taxmin qilinmoqda.
YETTB mutaxassislari 2024 yilda iqtisodiy o‘sishga asosan xizmatlar sohasining rivojlanishi hissa qo‘shganini taʼkidlamoqda.
Inflyatsiya 2024 yil o‘rtasida 10,6% ga yetib, eng yuqori nuqtaga chiqqan, bu esa energetika resurslari narxining erkinlashtirilishi bilan bog‘liq. Biroq dekabrda inflyatsiya 9,8% gacha tushgan.
Umuman olganda, 2024 yilda Markaziy Osiyo iqtisodiyotining o‘sishi 5,4% ga sekinlashgan, 2023 yilda esa bu ko‘rsatkich 5,7% ni tashkil etgan edi. Bu asosan Qozog‘istonning konchilik sohasidagi pasayish va Mo‘g‘ulistondagi ekstremal ob-havo sharoitlari bilan bog‘liq. 2025 yilda 5,7% ga tezlashish kutilmoqda, biroq 2026 yilda o‘sish yana 5,2% gacha sekinlashishi prognoz qilinmoqda.