YEI O‘zbekistonning Trade Engine System kompaniyasini yangi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 17-paket sanksiyalar doirasida 75 nafar jismoniy va yuridik shaxsga nisbatan cheklov choralarini joriy qildi.
Sanksiyalar, Ukraina hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga tahdid soluvchi yoki ularni buzuvchi harakatlarda ishtirok etgan shaxslarga nisbatan qo‘llanildi.
Rossiya kompaniyalaridan tashqari, cheklovlar Serbiya, BAA, Turkiya, Vyetnam va O‘zbekistondagi ayrim korxonalarga ham taalluqli bo‘ldi.
Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnaldagi maʼlumotiga ko‘ra, sanksiyalar ro‘yxatiga O‘zbekistondagi Trade Engine System kompaniyasi ham kiritilgan.
Orginfo maʼlumotiga ko‘ra, Trade Engine System 2022 yil iyulida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, u elektron va telekommunikatsiya uskunalari hamda ularning ehtiyot qismlarini ulgurji savdosi bilan shug‘ullanadi. Kompaniyaning asoschisi va rahbari — Nasirjon Akbarov.