Yangi avlod televizorlarini ishlab chiqarish loyihasi muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zeltexsanoat” uyushmasiga "Frame Hardware" korxonasi vakillari tashrif buyurdi.
Uchrashuv davomida mehmonlar tomonidan uyushma mas’ul xodimlariga zamonaviy, yangi avlod televizorlarini ishlab chiqarish va uni mahalliylashtirishga qaratilgan istiqbolli loyiha taqdim etildi.
"Frame Hardware" vakillari loyiha orqali O‘zbekistonda televizor ishlab chiqarish bo‘yicha yangi texnologiyalarni joriy etish, ilg‘or uskunalarni olib kirish va qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan mahsulotlarni mahalliy bozorda hamda eksport yo‘nalishida taqdim etish niyatida ekanliklarini bildirdilar.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi mas’ul rahbarlari ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, loyiha doirasida amalga oshiriladigan bosqichlar, zarur infratuzilma va hamkorlik imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdilar.
Shuningdek, xorijiy investorlar va mahalliy ishlab chiqaruvchilarga davlat tomonidan taqdim etilayotgan soliq imtiyozlari, bojxona yengilliklari hamda loyihalarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari haqida tushuntirish berildi.
Tomonlar kelgusida ushbu loyihani batafsil ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikda ishlashga kelishib oldilar.
Mazkur loyiha amalga oshsa, nafaqat O‘zbekiston ichki bozori raqobatbardosh televizorlar bilan ta’minlanadi, balki sanoat tarmog‘ida yangi ish o‘rinlari yaratiladi va yuqori texnologiyali mahsulotlar eksport salohiyati oshadi.