Valyuta kurslari 18/06/2025
$1 – 12668.14
UZS – -0,37%
€1 – 14640.57
UZS – -0,61%
₽1 – 161.15
UZS – -0,37%
Qidirish
Iqtisod 17/06/2025 Yandex Uzbekistan navigatsiya xizmatlarida avtobuslar harakatini real vaqtda ko‘rish mumkin

Yandex Uzbekistan navigatsiya xizmatlarida avtobuslar harakatini real vaqtda ko‘rish mumkin

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston, 2025 yil 17 iyun. Yandex Uzbekistan o‘zining navigatsiya xizmatlariga yana 11 ta shaharda avtobuslarning real vaqtdagi harakatini aks ettirish imkoniyatini qo‘shdi. Endi Yandex Go‘dagi “Transport” xizmati hamda Yandex Maps ilovasi orqali avtobus qayerda ekanini va qaysi vaqtda kelishi kutilyotganini bilish mumkin. Yangi yangilanish foydalanuvchilarga vaqtni tejash va safarlarni qulayroq rejalashtirish imkonini beradi.

Endi kerakli avtobus qayerda ekanini istalgan paytda tekshirish va aynan u keladigan vaqtda to‘xtashgohga yetib borish mumkin — bunday imkoniyat avval Toshkent va Samarqandda bor edi, hozir esa Angren, Andijon, Buxoro, Jizzax, Guliston, Qarshi, Navoiy, Namangan, Nukus, Urganch va Farg‘ona shaharlarida ham joriy etildi.

Ilovalar avtobuslar joylashuvi haqidagi ma’lumotlarni doimiy ravishda yangilab boradi, ularning datchiklaridan olinayotgan signallar asosida. Shuningdek, algoritmlar avtobusning tezligi va shahardagi yo‘l holatini inobatga olgan holda, u qaysi vaqtda qaysi bekatda bo‘lishini taxminan aniq ko‘rsatadi. Xaritada avtobus belgilari ular shaharda qanday harakatlanayotgan bo‘lsa, xuddi shunday harakatda aks ettiriladi.

“O‘zbekistonning har bir fuqarosi va mehmoni jamoat transporti harakatini o‘zlari o‘rganib qolgan ilovalar orqali kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lishi juda muhim. Biz shaharlarda harakatlanishni qulaylashtiradigan raqamli yechimlarni qo‘llab-quvvatlaymiz, shu sababli transport haqidagi ma’lumotlarni Yandex Uzbekistan navigatsiya xizmatlariga topshirishni ma’qul deb hisoblaymiz”, — dedi O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov.

Avtobus qayerda ekanini ko‘rish uchun Yandex Go ilovasidagi asosiy sahifadagi “Transport” xizmati yoki Yandex Maps'dagi “Transport” rejimi orqali foydalanish mumkin. Ilovada to‘xtashgoh belgisini bosib, u yerdan o‘tadigan barcha avtobuslarni ko‘rish, yoki qidiruv satriga masalan “5-avtobus” deb yozib, aniq marshrutni, bekatlar va jadvalni olish mumkin.

“Biz ilovalarimiz orqali odamlar har kuni duch keladigan vazifalarni yechishini xohlaymiz. O‘zbekiston aholisining katta qismi jamoat transportidan foydalanadi. Endi bu yanada qulayroq bo‘lishiga ishonaman. Avtobuslarning real vaqtda aks etishi 13 shaharda 230 ta avtobus marshruti bo‘yicha joriy etilgan bo‘lib, foydalanuvchilarning vaqtni tejashiga yordam beradi. Biz bu yo‘nalishda ishni davom ettiramiz”, — dedi Yandex Uzbekistan rahbari Izzat Shukurov.

 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling