Xususiylashtirish, logistika, startaplar: YeTTB O‘zbekistondagi islohotlar va taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlash
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 10-iyun kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) prezidenti Odil Reno-Basso boshchiligidagi delegatsiya vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda YeTTBning Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston bo‘yicha mintaqaviy direktori Huseyn Ozhan hamda Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, vazir o‘rinbosari Ilhomjon Umrzakov va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalari, hamkorlikdagi loyihalarning joriy holati va istiqboldagi rejalar, mamlakatimizdagi iqtisodiy jarayonlar yuzasidan muhokamalar olib bordi. Xususan:
· O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish tendensiyalari, jumladan, yalpi ichki mahsulotning o‘sishi, inflatsiya darajasi barqarorligini ta’minlash;
· Energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari va ularning samaradorligini oshirish;
· Davlat ishtirokidagi banklarni xususiylashtirish yuzasidan olib borilyatgan ishlar va ularning natijalari;
· Kichik va o‘rta tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, jumladan, sun’iy intellekt va startup loyihalari ko‘lamini kengaytirish;
· Transport infratuzilmasini rivojlantirish va logistika sohasini qo‘llab-quvvatlash;
· Jahon Savdo Tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonlari;
· Yashil o‘sishni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amalga oshirilayotgan loyihalar, xususan, ijtimoiy obyektlarni yashil energiya bilan ta’minlash, zamonaviy energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanish, sohaga xususiy sektorni keng jalb qilish;
· Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash;
· Uy-joy bozorini moliyalashtirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamda fikr almashinuvi jarayonlarini kengaytirishga kelishib oldi.