Valyuta kurslari 04/08/2025
$1 – 12725.16
UZS – 0,26%
€1 – 14507.95
UZS – -0,02%
₽1 – 158.65
UZS – 0,13%
Qidirish
O‘zbekiston 02/07/2025 Xiva shahrida Birinchi O‘zbekiston-Ozarbayjon parlamentlararo forumi muvaffaqiyatli yakunlandi

Xiva shahrida Birinchi O‘zbekiston-Ozarbayjon parlamentlararo forumi muvaffaqiyatli yakunlandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 1-iyul kuni Xiva shahrida Birinchi O‘zbekiston-Ozarbayjon parlamentlararo forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Ozarbayjon Milliy Mejlisi Raisi Sahiba Gafarova o‘z nutqida “Prezident Sh.M.Mirziyoyevning uzoqni ko‘zlab olib borayotgan siyosati, amalga oshirayotgan islohotlari tufayli bugungi kunda O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yo‘lidan jadal qadam tashlab, ko‘plab sohalarda salmoqli yutuq va marralarni zabt etmoqda”, – deb taʼkidladi.

Kun davomida forum ishtirokchilari qator dolzarb masalalarni muhokama qildi. Jumladan, strategik sheriklikni mustahkamlashda parlamentlar o‘rni, ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, raqamlashtirish, innovatsion rivojlanish, barqaror qishloq xo‘jaligi, taʼlim, sog‘liqni saqlash, gender tengligi hamda gumanitar va ekologik sohalardagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, amalga oshirilgan ishlarning natijalari, to‘plangan tajriba, mavjud muammolar va ularning samarali yechimlari bo‘yicha takliflar muhokama etildi. Tomonlar parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirish O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, farovonlik va umumiy rivojlanishga xizmat qilishini taʼkidlashdi.

Iqtisodiy hamkorlik va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish, taʼlim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va turizm sohalarida sheriklikni rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlariga moslashish, shuningdek, xotin-qizlar va yoshlarning jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Forumda investitsiya muhitini yaxshilash va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma tavsiyalar ishlab chiqish, xorijda O‘zbekiston va Ozarbayjon savdo uylarini tashkil etish, muntazam biznes missiyalarini o‘tkazib borish, viza tartib-taomillarini soddalashtirish va raqamli turizm platformasini yaratish, Turkiy dunyo mamlakatlari uchun umumiy taʼlim bazasi va elektron resurslarni shakllantirish, tibbiy sug‘urta va bemorlarni transchegaraviy davolash bo‘yicha qo‘shma yondashuvlarni ishlab chiqish kabi qator aniq tashabbuslar ilgari surildi va qo‘llab-quvvatlandi.

Forum yakunida quyidagi uchta muhim hujjat qabul qilindi:

Parlamentlararo hamkorlikning asosiy tamoyil va ustuvor yo‘nalishlarini aks ettiruvchi Xiva deklaratsiyasi;

2025–2026-yillarga mo‘ljallangan Parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi (“yo‘l xaritasi”);

taʼsis etilishi qo‘shma qarorlarni muvofiqlashtirish va amalga oshirishda muhim mexanizm hisoblangan Parlamentlararo komissiya reglamenti.

Ishtirokchilarning fikricha, forum O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlari manfaatlarida ikki do‘stona davlat o‘rtasidagi parlamentlararo muloqotni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling