Wildberries O‘zbekistonda BTP orqali kuryer yetkazib berish xizmatini ishga tushirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Wildberries marketpleysi ilk bor O‘zbekistonda buyurtmalarni topshirish punktlaridan (BTP) kuryer orqali yetkazib berish xizmatini yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda Wildberries & Russ kompaniyalar guruhi matbuot xizmati xabar berdi.
Ilgari ushbu servis faqat Rossiya va Belarusda foydalanuvchilar uchun mavjud edi. Endi esa, tovar BTPga yetib kelgach, O‘zbekiston mijozlari ilova yoki veb-saytda maxsus tugma orqali kuryer chaqirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Kuryerlik yetkazib berish 4 soat ichida yoki mijoz tomonidan tanlangan vaqt oralig‘ida bepul amalga oshiriladi.
Wildberries‘ning O‘zbekistondagi direktori Akmal Primqulovning taʼkidlashicha, mahalliy xaridorlar tezkorlik va qulaylikni yuqori baholaydilar. Hozircha “kuryer ekspress” xizmati faqat Toshkent shahridagi foydalanuvchilar uchun faol, biroq kompaniya yaqin kelajakda uni mamlakatning boshqa hududlariga ham kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Wildberries O‘zbekistonda logistika infratuzilmasini rivojlantirish va kuryer tarmog‘ini kengaytirish ishlarini davom ettirmoqda.