Vitrinali muzlatgichlar Coca-Cola’ning Yevrosiyo va Yaqin Sharq bozorlariga yetkazib beriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand viloyatida joylashgan “Sam-Ferre” korxonasiga Coca-Cola kompaniyasining Yevrosiyo va Yaqin Sharq bo‘yicha rahbari Kazim Cicek boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Tashrif “O‘zeltexsanoat” uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, mahalliy sanoat mahsulotlarini xalqaro bozorlarga olib chiqish yo‘lida muhim bosqich hisoblanadi.
Tashrif doirasida mehmonlar korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari, texnologik jarayonlari va sifati bilan yaqindan tanishdilar. Muzokaralarning asosiy maqsadi — “Sam-Ferre” tomonidan ishlab chiqarilayotgan vitrinali muzlatgichlarni Coca-Cola’ning nafaqat O‘zbekistondagi, balki butun Yevrosiyo va Yaqin Sharqdagi filiallariga eksport qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish bo‘ldi.
Muzokaralar davomida mahsulotlarning xalqaro texnik va sanitar standartlarga muvofiqligi, barqarorlik talablari, ijtimoiy mas’uliyat mezonlari hamda ishlab chiqarish xavfsizligi bo‘yicha chuqur tahlillar olib borildi. Shu munosabat bilan korxonada Coca-Cola kompaniyasi tomonidan maxsus sifat auditi amalga oshirilmoqda.
Audit va muloqotlar natijasi bo‘yicha “Sam-Ferre” korxonasi mahsulotlarini Coca-Cola’ning mintaqaviy yetkazib beruvchilar tizimiga integratsiya qilish rejalashtirilmoqda. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi eksport darvozalarini ochadi, raqobatbardosh mahsulotlarimizni global bozorga olib chiqadi.