Uzum Tencent va VR Capital‘dan 70 million dollar investitsiya jalb qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning raqamli ekotizimi bo‘lgan Uzum 70 million dollar miqdorida investitsiya jalb qildi. Bu orqali Tencent kabi Xitoyning yirik texnologiya giganti va xalqaro investitsiya fondi VR Capital mamlakatdagi IT-kompaniyaga ilk bor investitsiya kiritdi. Investitsiya raundida FinSight Ventures fondi ham ishtirok etdi.
Kompaniya maʼlumotiga ko‘ra, ushbu investitsiyalardan so‘ng Uzum‘ning umumiy bahosi taxminan 1,5 milliard dollarga yetdi.
Jalb etilgan mablag‘lar o‘z fintex infratuzilmasini rivojlantirish, mahsulotlar turini kengaytirish, elektron savdo uchun raqamli yechimlarni joriy etish, shuningdek, tadbirkorlar va millionlab xususiy foydalanuvchilar uchun servislarni takomillashtirishga yo‘naltiriladi.
Kompaniya taʼkidlashicha, har oyda mamlakat aholisining yarmi Uzum mahsulotlaridan foydalanadi va ekotizim tez surʼatlarda rivojlanmoqda.
«Yuqori texnologiyali jahon kompaniyalari va fondlarining milliy raqamli ekotizim rivojini qo‘llab-quvvatlayotgani hamda mamlakatimizning ulkan salohiyatini tan olayotganidan mamnunmiz», — deyiladi Uzum‘ning bayonotida.