UNOPS O‘zbekistondan farmatsevtika mahsulotlarini xarid qilishga qiziqish bildirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va BMT Loyihalarni boshqarish boshqarmasi (UNOPS) ijroiya direktori yordamchisi Kristin Damkyayer o‘rtasida onlayn uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi.
UNOPS — dunyo miqyosida infratuzilma, sog‘liqni saqlash, xarid va loyihalarni boshqarish sohalarida faoliyat yurituvchi BMTning ixtisoslashgan tashkiloti hisoblanadi. U davlat va xususiy sektor bilan hamkorlikda sog‘liqni saqlash sohasida barqaror va samarali yechimlarni ishlab chiqishga ko‘maklashadi.
Uchrashuv davomida UNOPS vakili O‘zbekiston farmatsevtika mahsulotlarini xarid qilish imkoniyatlarini o‘rganishga qiziqish bildirdi. O‘zbekiston tomoni mamlakat farmatsevtika bozori, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyati va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari haqida maʼlumot taqdim etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni davom ettirish va milliy farmatsevtika mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqishning istiqbolli yo‘nalishlarini o‘rganishga kelishib oldilar.