Turkiyalik investorlar O‘zbekiston farmatsevtika bozoriga kirishdan manfaatdor
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov "Rekor Gıda A.Ş.", "Ferr Pharma İlaç", "Asutay Engineering" va "KMHI Kurtul Machine" kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida agentlik direktori O‘zbekiston farmatsevtika bozorining hozirgi holati, sanoatning rivojlanish yo‘nalishlari, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar va mavjud imkoniyatlar haqida batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, "Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida amalga oshirilayotgan loyihalar to‘g‘risida so‘zlab berdi.
Delegatsiya aʼzolari bir qator savollar bilan murojaat qilib, O‘zbekiston bozorida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishga bo‘lgan qiziqishlarini bildirdilar.
Uchrashuv so‘ngida tomonlar o‘zaro maʼlumot almashish, hamkorlik qilish hamda ehtimoliy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganishga kelishib oldilar.