Turkiya O‘zbekistonga zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish uchun 3D printer sovg‘a qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 24-fevral – 1-mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) hamkorligida Turkiyaning zargarlik va shisha mahsulotlari ishlab chiqarish sohasidagi yetakchi ekspertlari ishtirokida o‘quv seminarlari tashkil etildi. Ushbu tashrif doirasida mutaxassislar sohaning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba almashish, ishlab chiqarish jarayonlarining zamonaviy usullari bilan tanishish va ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Mazkur seminar va treninglar 2024-yil iyun oyida Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi Strategik sheriklik kengashining uchinchi yig‘ilishi natijasida erishilgan kelishuvlarning amaliy natijalaridan biri hisoblanadi. Davlatlar rahbarlari tomonidan belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va sanoat tarmoqlarida tajriba almashishni rivojlantirishdan iborat.
Ushbu tashabbus ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash bilan bir qatorda, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning malakasini oshirish va ularning xalqaro bozorga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Joriy yilning 1-mart kuni seminarlarning yakuniy qismi sifatida ishtirokchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. TIKA tomonidan treninglarda faol ishtirok etgan mutaxassislarga maxsus sertifikatlar topshirildi.
Shuningdek, TIKA tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga 3D printeri grant asosida, beg‘araz ko‘mak sifatida taqdim etildi. O‘z navbatida, Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu ilg‘or texnologik uskunani zargarlik mahsulotlari dizayni va ishlab chiqarish jarayonlarini yanada zamonaviylashtirishni ta’limga joriy etish maqsadida Toshkent davlat texnika universitetiga topshirdi. 3D texnologiyalari orqali yangi dizaynlarni sinab ko‘rish, tayyor mahsulot sifatini oshirish va ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish imkoniyati yaratiladi.
Turkiyalik ekspertlar bilan zargarlik va shisha mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mahalliy korxonalar mutaxassislari ishtirokidagi davra suhbatlari va amaliy treninglar davomida quyidagi mavzularga alohida e’tibor qaratildi:
Zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarishning zamonaviy texnologiyalari – dizayn yaratish, materiallarni qayta ishlash va sifat nazoratining innovatsion usullari;
Shisha buyumlar ishlab chiqarishda yangi texnologiyalar – ekologik toza va energiya samarador ishlab chiqarish usullari;
Xalqaro bozorga chiqish strategiyalari – eksport salohiyatini oshirish, brend yaratish va mahsulotlarni xalqaro standartlarga moslashtirish yo‘llari.
Ishtirokchilar Turkiyaning zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or amaliyotlarga asoslangan ishlab chiqarish tajribasi bilan tanishdi. Shuningdek, mahalliy soha vakillari o‘z tajribalarini bo‘lishib, shisha va zargarlik sanoatining o‘ziga xos jihatlari bo‘yicha fikr almashdi.
Bundan tashqari, oyna listlarga ishlov berish, qayta ishlash korxonasi “GLASS-EXPO” MChJ, oziq-ovqat va farmatsevtika sanoati uchun shisha idishlar ishlab chiqaruvchi Markaziy Osiyodagi yirik korxonalardan biri hisoblanadigan “CAMPALIA” MChJ XK hamda zargarlik sohasida “Fonon” brendi ostida faoliyat yuritayotgan “Gold Moon Tashkent” MChJ korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishildi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi. Jumladan, mahalliy mutaxassislar va ishlab chiqaruvchilarning Turkiyada malaka oshirish kurslarida ishtirok etishi hamda ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha qo‘shimcha treninglar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.