Valyuta kurslari 20/06/2025
$1 – 12559.26
UZS – -0,47%
€1 – 14413.01
UZS – -0,71%
₽1 – 160.17
UZS – -0,41%
Qidirish
Iqtisod 20/06/2025 Toshkentdan amalga oshiriladigan barcha charter reyslar “Toshkent-Sharqiy” yangi aeroportiga ko‘chiriladi

Toshkentdan amalga oshiriladigan barcha charter reyslar “Toshkent-Sharqiy” yangi aeroportiga ko‘chiriladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentdan uchadigan va poytaxtga qo‘nadigan barcha charter reyslar endi yangi “Toshkent-Sharqiy” aeroporti orqali amalga oshiriladi. Bu haqda Uzbekistan Airways aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Shuxrat Xudoyqulov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Toshkent-Sharqiy” — bu O‘zbekistonda birinchi bo‘lib Xalqaro fuqarolik aviatsiyasi tashkiloti (IKAO)ning III-A toifasi talablariga javob beradigan aeroport bo‘ladi. Bu degani — u samolyotlarni kunduz-tun, har qanday ob-havo sharoitida qabul qilish va uchirish imkoniyatiga ega bo‘ladi, yaʼni 365 kun, 24 soat faoliyat yuritadi.

Hozirda Toshkent xalqaro aeroportidan 10 dan ortiq charter reyslar amalga oshirilmoqda. Yangi aeroport ishga tushgach, bu reyslar “Toshkent-Sharqiy”ga o‘tkaziladi. Shuningdek, aeroport biznes aviatsiyasiga ham yo‘naltirilgan — unda soatiga 100 nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladigan maxsus terminal mo‘ljallangan.

— Bu mamlakatdagi biznes aviatsiyaga ixtisoslashgan birinchi aeroport hisoblanadi. Prezidentimiz bu yo‘nalishni rivojlantirish muhimligini alohida taʼkidladilar, — dedi Shuxrat Xudoyqulov.

Aeroportning asosiy afzalliklaridan biri — Boeing 747 kabi yirik turdagi 23 ta samolyotni bir vaqtning o‘zida qabul qilish va joylashtirish imkoniyatidir. Shuningdek, zamonaviy navigatsiya tizimlari va infratuzilmasi tufayli havo sharoiti yomon bo‘lgan paytlarda ham reyslarni boshqa aeroportlarga yo‘naltirish zarurati bo‘lmaydi.

“Toshkent-Sharqiy” aeroportini foydalanishga topshirish yaqin vaqt ichida kutilmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling