Toshkentda sakkizinchi Markaziy Osiyo ekspertlar forumi bo‘lib o‘tadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 14-15 avgust kunlari Toshkentda "Markaziy Osiyo - ishonch, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotning umumiy makoni" mavzusida VIII Markaziy Osiyo ekspertlar forumi (MOEF) bo‘lib o‘tadi.
2018-yilda tashkil etilgan MOEF har yili Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga raislik qilayotgan mamlakatda o‘tkaziladi. Forum mintaqaviy hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qilish uchun muhim maydoncha vazifasini bajaradi va Markaziy Osiyo davlatlarining o’zaro aloqalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi.
Forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) tomonidan tashkil etilmoqda. Tadbir hamkorlari - BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT), Konrad Adenauer nomidagi jamg‘arma.
Forumda Markaziy Osiyodan an’anaviy ravishda mintaqa davlatlarining strategik institutlari, ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari hamda mutaxassislari va akademik doiralari vakillari ishtirok etadi. Ilk bor tadbirda mintaqashunoslik bo‘yicha tajriba almashish maqsadida Yevropa Ittifoqi, Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi (ASEAN), Shimoliy Kengash mamlakatlaridan nufuzli ekspertlar, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi, AQSH, Buyuk Britaniya, Shveysariya va Ozarbayjondan tadqiqotchilar taklif etilgan.
Forumning keng qamrovli dasturi mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollarini ko‘rib chiqish va ko‘p qirrali aloqalarni ilgari surish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilashni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, Forum doirasida alohida tadbirlar o‘tkaziladi: mintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirishning amaliy jihatlari bo‘yicha ilmiy-amaliy konferensiya hamda "Markaziy Osiyo - Shimoliy Yevropa" formatidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tadi.
Bo‘lajak ekspertlar muloqoti manfaatlar to‘qnashgan nuqtalarni aniqlash va Markaziy Osiyoning kelajakdagi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab berishi kutilmoqda. Ishlab chiqilgan tavsiyalar joriy yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi kun tartibini boyitishga muhim hissa qo‘shadi.