Valyuta kurslari 18/06/2025
$1 – 12668.14
UZS – -0,37%
€1 – 14640.57
UZS – -0,61%
₽1 – 161.15
UZS – -0,37%
Qidirish
O‘zbekiston 05/06/2025 Toshkentda O‘zbekiston-Xitoy transport fakulteti ochildi

Toshkentda O‘zbekiston-Xitoy transport fakulteti ochildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 3-iyun kuni Toshkent davlat transport universitetida O‘zbekiston – Xitoy transport fakultetining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev hamda universitet rahbariyati ishtirok etdi.

Tadbir doirasida Xitoyning Shensi provinsiyasi delegatsiyasi, jumladan, Shensi provinsiyasi Kompartiyasi viloyat qo‘mitasi kotibining o‘rinbosari, gubernator Zhao Gang va Changan universiteti partiya qo‘mitasi kotibi Chen Zhijian boshchiligidagi mehmonlar universitetga tashrif buyurdi. Tashrifdan asosiy maqsad — yangi fakultetning rasmiy ochilishida qatnashish, shuningdek, Changan universiteti tomonidan ajratilgan 40 ta magistratura va PhD’da o‘qish uchun grant sertifikatlarini talabgorlarga topshirishdan iborat bo‘ldi.

Shuningdek, mazkur tashrif davomida Toshkent davlat transport universiteti va Changan universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi. Ushbu hamkorlik ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Mazkur fakultetning ochilishi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik hamkorlikning ta’lim va transport sohalarida yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi. Bu tashabbus ikki mamlakat yoshlari uchun zamonaviy bilim va tajriba almashinuvini ta’minlash barobarida, kelajakdagi yirik loyihalar uchun raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling