Toshkentda O‘zbekiston-Fransiya oliy taʼlim forumi boshlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 19–20 may kunlari O‘zbekiston Milliy universitetida “O‘zbekiston-Fransiya universiteti: istiqbollar va rivojlanish” mavzusida oliy taʼlim forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Forumda Yevropa va Fransiya tashqi ishlar vazirligi Bosh kotibi Ann-Mari Dekot, Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Aureliya Bushe, Puatye, Renn, Lion-2, Havr-Normandiya kabi nufuzli Fransiya universitetlari rahbarlari, O‘zbekiston oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohruh Daliyev, shuningdek, O‘zbekistonning yetakchi oliygohlari rektorlari, olimlar, xalqaro tashkilotlar va kompaniyalar vakillari ishtirok etmoqda.
Forumning asosiy maqsadi — ikki mamlakat o‘rtasida oliy taʼlim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, istiqbolli qo‘shma loyihalar va taʼlim dasturlarini muhokama qilish, amaliyotga qaratilgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Forum doirasidagi plenar majlisda O‘zbekiston va Fransiyaning yetakchi universitetlari vakillari ishtirok etdi. Unda taʼlim sifati, muhandislik sohasida kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar va xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Departamenti rahbari Odil Abduraxmonov, Fransiya Tashqi ishlar vazirligi Bosh kotibi Ann-Mari Dekot, vazir o‘rinbosari Shohruh Daliyev va delegatsiya aʼzolari maʼruzalar bilan ishtirok etdi.
Tadbirda Fransiya oliy taʼlim tizimining asosiy tamoyillari, muhandislar tayyorlashdagi tajriba, ilmiy tadqiqot institutlari faoliyati va o‘zbekistonlik talabalar uchun imkoniyatlar haqida taqdimotlar o‘tkazildi.
Qolaversa, ishtirokchilar O‘zbekiston oliy taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va transformatsiya jarayonlari bilan tanishdilar.
Tadbir yakunida savol-javob sessiyasi va ochiq muloqot o‘tkazildi. Forum ikki tomonlama uchrashuvlar formatida davom ettirildi.