Valyuta kurslari 20/06/2025
$1 – 12559.26
UZS – -0,47%
€1 – 14413.01
UZS – -0,71%
₽1 – 160.17
UZS – -0,41%
Qidirish
O‘zbekiston 21/05/2025 Toshkentda nogironligi bo‘lgan ayol va qizlarga ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha NNTlar uchun trening bo‘lib o‘tmoqda

Toshkentda nogironligi bo‘lgan ayol va qizlarga ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha NNTlar uchun trening bo‘lib o‘tmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 21 may kuni Toshkent shahrida Nogironligi bo‘lgan shaxslarni birlashtiruvchi va ularning manfaatlarini ilgari suruvchi NNTlar vakillari uchun uch kunlik trening o‘z ishini boshladi. Ushbu tadbirning asosiy maqsadi — tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan nogironligi bo‘lgan ayol va qizlarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida NNTlar salohiyatini oshirishdir.

Trening BMTning aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA) tashabbusi va UNPRPD (Nogironlar huquqlari bo‘yicha BMT hamkorlik dasturi) moliyaviy ko‘magidagi “O‘zbekistonda ijtimoiy xizmat ko‘rsatishni isloh qilish: nogironligi bo‘lgan bolalar, yoshlar, ayollar va erkaklar uchun inson huquqlariga asoslangan yondashuvni amalga oshirish” ko‘shma dasturi doirasida tashkil etilmoqda. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy Agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Nogironlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.

Treningning asosiy maqsadi — nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar tazyiq va zo‘ravonlikdan himoyalangan holda ijtimoiy xizmatlardan samarali foydalanishi uchun NNTlar salohiyatini oshirishdir. Trening davomida ishtirokchilar gender zo‘ravonlik bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishlari, O‘zbekistonda tazyiq va zo‘ravonlikka javoban ishlaydigan majmuaviy xizmatlar tizimi bilan tanishishlari, zo‘ravonlikdan jabrlanganga yordam ko‘rsatish va ularni xizmatlarga yo‘naltirish bo‘yicha bilimga ega bo‘lishlari nazarda tutilgan. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni himoya qilish va jamiyatda zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida NNTlar o‘rtasida hamkorlik va tajriba almashishni kuchaytirish ko‘zda tutilgan.

YUNFPAning O‘zbekistondagi doimiy vakili doktor Nigina Abaszoda o‘z ochilish so‘zida taʼkidladi:
“Nogironligi bo‘lgan ayol va qizlar ko‘p hollarda ikki karra kam taʼminlangan va ko‘maksiz bo‘lib qoladilar. Ularga yordam ko‘rsatishda faqat xizmat emas, balki ishonch va himoya muhitini ham taʼminlashimiz kerak. Bu jarayonda mahalliy NNTlar muhim sheriklar hisoblanadi.”

Trening davomida turli hududlardan 30 dan ortiq NNT vakillari zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, nogironlik shakllariga mos ravishda muloqot qilish, individual reabilitatsiya rejalarini tuzish va boshqa ko‘plab amaliy ko‘nikmalarni o‘rganadilar.

Trening yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshiriladi va NNTlarning davlat muassasalari bilan kelgusidagi samarali hamkorligi uchun tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling