Valyuta kurslari 20/06/2025
$1 – 12559.26
UZS – -0,47%
€1 – 14413.01
UZS – -0,71%
₽1 – 160.17
UZS – -0,41%
Qidirish
O‘zbekiston 30/04/2025 Toshkentda MDH Iqtisodiy kengashining 105-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Toshkentda MDH Iqtisodiy kengashining 105-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 29-aprel kuni Toshkent shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Iqtisodiy kengashining 105- yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. MDH Iqtisodiy kengashi a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ishtirokchilarga kirish so‘zi bilan murojaat qildi. Yig‘ilishni MDH Iqtisodiy kengashi raisi, Tojikiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Hokim Holiqzoda ochib berdi hamda tadbirga boshchilik qildi.

Yig‘ilishda delegatsiyalar rahbarlari sifatida Ozarbayjon Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Yoqub Ayubov, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Mger Grigoryan, Belarus Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Yuriy Shuleyko, Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining birinchi o‘rinbosari Doniyor Amangeldiyev, Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi o‘rinbosari Aleksey Overchuk ishtirok etdi.

Shuningdek, tadbirda MDH Iqtisodiy kengashi huzuridagi Iqtisodiy masalalar bo‘yicha komissiyada Qozog‘iston Respublikasining vakolatli vakili Beketjan Jumaxonov, Turkmanistonning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Shadurdi Meredov hamda MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev qatnashdi.

Yig‘ilish davomida MDHga a’zo davlatlarning iqtisodiy hamkorligiga oid quyidagi keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi.

2030-yilgacha bo‘lgan davrda MDH doirasida o‘zaro investitsiyalarni jalb qilish va rivojlantirishni rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar majmuasi tasdiqlandi. Hujjat to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Abidxadjayev ma’lumot berib o‘tdi. Ushbu hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan bo‘lib, investitsiya muhitini yaxshilash, MDHga a’zo davlatlar iqtisodiyotiga o‘zaro to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirish va investitsiyalarni jalb etish samaradorligini oshirish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Delegatsiyalar rahbarlari MDHga a’zo davlatlarning havo harakatini tashkil etish milliy tizimlarini uyg‘unlashtirish konsepsiyasi loyihasini ma’qulladi. Konsepsiya MDHga a’zo davlatlarning havo hududidan foydalanishning iqtisodiy samaradorligini oshirish, xalqaro aeronavigatsiya uchun “shaffof” chegaralarni ta’minlash va havo hududidan foydalanuvchilarga yagona qoidalar hamda texnologiyalar asosida xizmat ko‘rsatishga qaratilgan. Ushbu konsepsiya haqida yig‘ilganlarga Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi raisi Oleg Storchevoy axborot berdi.

Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirishdan kutilayotgan natija fuqaro aviatsiyasi havo kemalari parvozlarining xavfsizligi, muntazamligi va tejamkorligini hamda havo harakatiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishdan iborat.

Hujjat MDH Hukumat rahbarlari kengashi muhokamasiga kiritiladi.

“Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning aholi salomatligini muhofaza qilish sohasidagi hamkorligi konsepsiyasi loyihasi to‘g‘risida”gi masala yuzasidan yig‘ilganlarga Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Andrey Plutnitskiy ma’lumot berdi. Konsepsiyaga ko‘ra, ushbu hamkorlikning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat: MDHga a’zo davlatlar aholisi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan muvofiqlashtirılgan harakatlarni amalga oshirish hamda jamoat salomatligi va sog‘liqni saqlashni rivojlantirish, aholi turmush sifatini oshirish, farmatsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish yo‘nalishlarida davlatlararo hamkorlik uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hisoblanadi.

Konsepsiya loyihasi MDH Davlat rahbarlari kengashiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling