Toshkentda bo‘lib o‘tgan Agile Scale & Innovation 2025 konferensiyasi butun Markaziy Osiyodagi Agile va SI mutaxassislarini bir yerga jamladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 17-may kuni Toshkentda Markaziy Osiyodagi eng yirik tadbir – Agile Scale & Innovation 2025 konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda asosiy e’tibor moslashuvchan yondashuvlar, tashkiliy transformatsiyalar va sun’iy intellektdan foydalanishga bag‘ishlandi.
Tadbirda texnologik jamoalar vakillari, transformatsiya yetakchilari, muhandislar, arxitektorlar va C-level mutaxassislaridan iborat 300 dan ortiq soha vakillari ishtirok etishdi. Konferensiya dasturi asosiy zal, texnik zal va vorkshoplar zonasi kabi uchta parallel yo‘nalishni, shuningdek, O‘zbekiston IT hamjamiyatlari ko‘rgazmasini o‘z ichiga qamrab oldi. Unda har bir ishtirokchiga kasbiy qiziqishidan kelib chiqqan holda, format va mavzularni tanlash imkoni berildi.
«So‘nggi yillarda biz hamjamiyatimiz nomi va faoliyatiga qiziqishning sifat jihatidan o‘sishiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bu esa kompaniyalardagi jarayonlarni kengaytirish, muhandislik yechimlari, jamoalar va mahsulotlar bilan ishlash haqida ochiq gaplashish imkonini beruvchi maydonni yaratishga uchun g‘oya bo‘lib xizmat qilmoqda. Konferensiya nafaqat bilimlar almashinuvi, balki IT va biznes sohalari o‘rtasida uzoq muddatli professional aloqalarni o‘rnatish va muvofiqlashtirish imkonidir», – deydi Agile Uzbekistan hamjamiyati rahbari Natalya Ni.
Konferensiya O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Gruziya, Rossiya, Belarusiya va Singapur kabi davlatlarning boshqaruv, texnologiyalar va tashkiliy rivojlanish sohasida xalqaro tajribaga ega mutaxassislardan iborat ma’ruzachilarni bir davraga jamladi. Ular qatorida tadbirda psixologiya fanlari doktori, MDUda xizmat ko‘rsatgan professor, 25 dan ortiq kitob va darsliklar muallifi Tohir Bozorov; EPAM Systems vitse-prezidenti, xalqaro kompaniyalarda 25 yildan ortiq tajribaga ega Vladi Ruppo; Webase kompaniyasining mahsulot bo‘yicha direktori, O‘zbekiston uchun keng ko‘lamli raqamli yechimlarni ishlab chiqishga rahbarlik qilayotgan Mahmudxo‘ja Juratovlar ham ishtirok etishdi.
Konferensiyaning asosiy zalida noaniqlik sharoitida yetakchilik qilish, sun’iy intellekt davrida biznes transformatsiyasi, loyihalarni boshqarish va jamoalarni rag‘batlantirishdagi zamonaviy yondashuvlar kabi mihim mavzular muhokama qilindi. Turli mamlakatlar ekspertlari ishtirokidagi panel muhokamasi doirasida esa Agile va sun’iy intellektning o‘zaro hamkorligiga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, texnik zalda IT yechimlarining barqarorligi va kengayishi, arxitektura va muhandislik amaliyotlari haqida so‘z bordi. Vorkshoplar hududida esa ishtirokchilar interaktiv formatda asosiy agile-vositalarni sinovdan o‘tlazishdi.
Asosiy dastur bilan bir qatorda ishtirokchilar uchun IT Community of Uzbekistan, Product Community, QA Uzbek Community, DevOps Uzbekistan, Women in Tech, Startup Teahouse va Agile Community Uzbekistan kabi hamjamiyatlar faoliyati bilan yaqindan tanishish imkonini beruvchi O‘zbekiston IT-hamjamiyatlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. «School 21 da nafaqat IT sohasi mutaxassislarini bepul o‘qitish, balki Agile’ga asoslangan jamoaviy ishlash madaniyati, mas’uliyat va moslashuvchanlikni shakllantirish kabi texnik xususiyatlar ustida ish olib boriladi. Biz nafaqat nima ish bajarilayotgani, balki buni boshqalar bilan birga qanday bajarilayotgani muhim bo‘lgan muhitni yaratmoqdamiz.
Bunday tadbirlar maktab ishtirokchilari va mutaxassislarga haqiqiy amaliyot bilan yaqindan tanishish, rasmiy ta’lim shaklidan tashqariga chiqish va jamiyatga qo‘shilishga yordam beradi. Biz shunday jarayonning bir qismi bo‘layotganimizdan g‘oyat xursandmiz», – deya ta’kidlaydi School 21 ijrochi direktori Zarina Luxmanova. Agile Scale & Innovation 2025 tadbiri mahalliy tashabbuslar va xalqaro tajriba Markaziy Osiyoda professional IT hamjamiyatini rivojlantirish yo‘lida qay darajada birlashayotganiga yorqin misol bo‘ldi.
Ushbu tadbir tashkilotchilari Agile Uzbekistan hamjamiyati va School 21 raqamli texnologiyalar maktabidir.