Toshkentda aviatsiya sohasini raqamlashtirish istiqbollari muhokama qilindi: Uzbekistan Airports va OTB maslahatchisining uchrashuvi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Uzbekistan Airports shirkatida Osiyo taraqqiyot banki (OTB)ning aviatsiya bo‘yicha maslahatchisi Brendan Sobi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uning tashrifi O‘zbekistonda transport sohasini raqamlashtirishni ilgari surishga qaratilgan texnik missiya doirasida amalga oshirildi.
Uchrashuvda Uzbekistan Airports vakillari tomonidan IT-infratuzilmani modernizatsiya qilish va aeroportlar boshqaruv jarayonlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan loyihalar taqdim etildi. Asosiy operatsiyalarni avtomatlashtirish, intellektual video kuzatuv va kirish-chiqish nazorati tizimlari, yo‘lovchilarni raqamli ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek, yagona IT-arxitektura yaratishda erishilgan natijalar batafsil yoritildi.
Alohida eʼtibor 2025–2030 yillarga mo‘ljallangan Uzbekistan Airports raqamli transformatsiya strategiyasi taqdimotiga qaratildi. Ushbu hujjat kompaniyaning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi, jumladan mijozlar va ishlab chiqarish xizmatlarini raqamlashtirish, davlat raqamli platformalari bilan integratsiya, intellektual yechimlarni joriy etish, IT-infratuzilmani rivojlantirish va kiberxavfsizlik darajasini oshirish.
OTB maslahatchisining tashrifi va o‘zaro tajriba almashuvi aviatsiya sohasini texnologik modernizatsiya qilish va xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.