Toshkent va Xanoy savdo, energetika va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 5-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov Vyetnam Sotsialistik Respublikasi sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Phan Txi Thang bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Xususan, Vyetnamning “Mareven Food Holdings” yirik kompaniyasi tomonidan Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va “ROX Group” tomonidan ko‘p funksiyali turar-joy majmualarini qurish bo‘yicha muvaffaqiyatli hamkorlik qilinayotgani ta’kidlandi. Energetika, geologiya, transport va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan Savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi imzolandi. Hujjatda joriy yilning uchinchi choragida Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Vyetnam hukumatlararo komissiyasining sakkizinchi yig‘ilishini o‘tkazish, shuningdek, turli darajadagi tashriflarga tayyorgarlik ko‘rish masalalari nazarda tutilgan.