Valyuta kurslari 19/06/2025
$1 – 12618.63
UZS – -0,39%
€1 – 14516.47
UZS – -0,85%
₽1 – 160.83
UZS – -0,2%
Qidirish
Iqtisod 26/05/2025 “Toshkent – Fuchjou” yo‘nalishida blok poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yildi

“Toshkent – Fuchjou” yo‘nalishida blok poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 23-may kuni Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov Xitoy Xalq Respublikasining Futszyan viloyati hokimi Jao Lun boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda tomonlar transport, tranzit va logistika sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollarini muhokama etishdi.  

Jao Lun janoblari Futszyan viloyati o‘zining yangi energiya, neft-kimyo, elektron axborot, raqamli iqtisodiyot kabi sohalardagi sanoat ustunliklarini to‘laqonli ishga solgan holda O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy, investitsiya va ilmiy-texnikaviy innovatsiyalar sohasida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi. 

Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro yuk tashuvlarida ijobiy dinamika kuzatilayotganini mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Xususan,  Xitoy bilan xalqaro yuk tashish hajmi 2024-yil yakuniga ko‘ra tarixiy daraja 6,0 mln  tonnaga yetgan. 

Shuningdek, Xitoylik hamkorlar bilan birgalikda transport va logistika sohasida,  xususan,  avtomobil va temir yo‘llari,  aeroportlar,  transport-logistika markazlari qurilishi,  jamoat transporti uchun elektrobuslar xarid qilish bo‘yicha salmoqli loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlab o‘tildi. 

Xususan, “Toshkent – Fuchjou” yo‘nalishida blok poyezdi qatnovining yo‘lga qo‘yilishi “Bir kamar – bir yo‘l” tashabbusini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun yangi imkoniyat ochishi qayd etib o‘tildi. 

Shundan so‘ng tomonlar “Toshkent – Fuchjou” yo‘nalishda birinchi blok poyezdini jo‘natishga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etishdi. 

Ushbu yo‘nalish Markaziy Osiyodan Xitoyning janubi-sharqiy sohiligacha bo‘lgan hududlar va dengiz yo‘nalishini bog‘laydi. U quruqlikdagi Ipak yo‘li bilan dengizdagi Ipak yo‘lini o‘zaro uyg‘unlashtiruvchi ikki tomonlama aloqa tarmog‘ini vujudga keltirishi bilan ahamiyatlidir.

Ushbu qatnov Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi logistika sohasida o‘zaro bog‘liqlik va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda tarixiy ahamiyatga ega voqelikdir.

– “Toshkent - Fuchjou” yo‘nalishi bo‘yicha birinchi blok poyezdini jo‘natish marosimi O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi transport aloqalarini mustahkamlash borasidagi birgalikdagi sa’y-harakatlarimizning yorqin namunasi. O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari solingan 50 ta konteynerdan iborat poyezd O‘zbekistonning eksport salohiyati yuksalib borayotganining ramzi va yangi logistika yo‘nalishining amalda yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi, – dedi M.Omarov.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling