Toshkent arxitektura-qurilish universitetida taʼlim tizimi samaradorligi oshiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Toshkent arxitektura-qurilish universiteti faoliyatida taʼlim tizimi samaradorligini oshirish va ilmiy tadqiqotlarning amaliyot bilan integratsiyasini taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-209-son, 01.07.2025 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Universitet faoliyatida erishiladigan asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
dual taʼlim shaklini to‘liq joriy qilish orqali taʼlim jarayonlarining amaliyot bilan integratsiyasini taʼminlash;
ilmiy salohiyatni eksport qilish doirasida 2028 yil yakunigacha Universitet brendini shakllantirib, xorijiy davlatlardan kamida 1 000 nafar talabani jalb qilish.
2025/2026 o‘quv yilidan Toshkent arxitektura-qurilish universitetida o‘qitishning dual taʼlim shakli joriy etiladi.
Dual taʼlim dasturi kredit-modul tamoyili asosida quyidagilarda o‘tkaziladi:
1-kurs talabalari uchun – taʼlim dasturlarining 60 foizi (nazariy qismlari) auditoriyalarda, 40 foizi (amaliyot qismi) qurilish sanoati korxonalarida;
2-, 3- va 4-kurs talabalari uchun – taʼlim dasturlarining 40 foizi (nazariy qismlari) auditoriyalarda, 60 foizi (amaliyot qismi) qurilish sanoati korxonalarida.
2025/2026 o‘quv yilidan tegishli taʼlim dasturlari bo‘yicha amaliy mashg‘ulot va laboratoriya ishlarining kamida 25 foizi xorijiy professor, xalqaro sertifikatga ega professional mutaxassislar tomonidan o‘tkaziladi.
2025 yil 1 sentyabrdan tajriba-sinov tariqasida “maktab – texnikum (litsey) – universitet” tamoyili asosida kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda Toshkent shahri Yunusobod tumani 250- va 273-sonli umumtaʼlim maktablari Universitetga biriktiriladi va Universitet:
har oyda 1 marotaba 7–9-sinf o‘quvchilarini ularning qiziqishlari doirasida belgilangan sohalarga oid mavzularni Universitet laboratoriyalarida darsdan tashqari mashg‘ulot sifatida o‘qitadi;
o‘quvchilarning Universitet laboratoriyalariga xavfsiz borib kelishlarini taʼminlaydi.
2025 yil 1 sentyabrdan “Universitet – laboratoriya – korxona – vazirlik” ekotizimi joriy etiladi. Ekotizim doirasida har yili:
hamkorlik qilayotgan qurilish sanoati korxonalaridan ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha buyurtmalar qabul qilinadi;
talabalar, magistrantlar, ilmiy izlanuvchilar o‘rtasida “Eng yaxshi 20 ta g‘oya” tanlovi eʼlon qilinib, saralab olinadi;
g‘olib loyihalar bo‘yicha laboratoriyalarda tadqiqotlar o‘tkazilishi taʼminlanadi.
Shuningdek,Savdo-sanoat palatasi amaliyotga joriy etilgan ilmiy tadqiqotlar mualliflarini BHMning 35 baravari miqdorida moliyaviy rag‘batlantiradi.
2025 yil 1 sentyabrdan davlat oliy taʼlim tashkilotlarining arxitektura va qurilish yo‘nalishidagi barcha laboratoriyalari faoliyati Universitet tomonidan “UniLab” platformasi orqali muvofiqlashtirib boriladi.