Texnoparklar faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha Koreya tajribasi asosida O‘zbekiston milliy strategiyasi ishlab chiqiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Mazkur loyiha Koreyaning Fan va texnologiya siyosati instituti (STEPI) ning K-Innovatsion hamkorlik dasturi doirasida tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabboyev hamda Koreyaning Fan va texnologiya siyosati instituti tadqiqotchilari, Gyeongbuk texnoparki direktori boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mazkur loyihaga rasmiy start berildi.
Texnoparklar bo‘yicha O‘zbekiston milliy strategiyasini ishlab chiqish loyihasi 2025-2027-yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, loyiha doirasida O‘zbekistondagi texnoparklar faoliyatini rivojlantirish yuzasidan Koreya tajribasi asosida milliy strategiya ishlab chiqiladi. Shu bilan birga, loyiha doirasida texnopark xodimlari uchun Koreya Respublikasida malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
Innovatsion rivojlanish agentligining Ilm-fan va innovatsiyalarga investitsiya va xorijiy grantlarni jalb qilish boshqarmasi boshlig‘i Umidjon Hoshimov loyiha haqida shunday dedi: - Respublika hududlarida joylashgan 13 ta Yoshlar Texnoparki va poytaxtimizdagi “Yashnobod” innovatsion texnoparki Innovatsion rivojlanish agentligiga qarashli sanaladi. Misol uchun Yoshlar texnoparklarini oladigan bo‘lsak bu yerda robototexnika, mexatronika, veb dasturlash, 3D modellashtirish, kompyuter savodxonligi kabi turli o‘quv kurslari tashkil etilgan. Bundan tashqari yoshlarning “startap” loyihalarini rivojlantirish va ularni amalga oshirish uchun zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan “FabLab” laboratoriyalari ishlamoqda. Biroq texnoparklarda talab va taklif mutanosibligini ta’minlash va bozor mexanizmlarini joriy etish, ular orqali yoshlarni daromadga olib chiqish hamda faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish uchun ham texnoparklar faoliyatini takomillashtirishimiz zarur. Koreyaning Fan va texnologiya siyosati instituti bilan amalga oshiradigan loyihamiz aynan mana shu maqsadga qaratilgan. Keyingi 2 yilda ishlab chiqiladigan Texnoparklar faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha Oʻzbekiston milliy strategiyasi mazkur yo‘nalishda ko‘plab istiqbolli loyihalarga zamin yaratadi, degan umiddamiz.
Shuningdek, loyiha doirasida Koreya Fan va texnologiya siyosatini rivojlantirish modeli va tajribasini mahalliy texnoparklarimizga qo‘llash amaliyoti joriy etiladi. Bu o‘z navbatida texnoparklar faoliyatini yangicha tashkil etish va buning pirovardida ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarning jozibadorligini ham oshiradi.
Ma’lumot uchun, K-Innovatsion hamkorlik dasturi 2014-yilda Fan va texnologiya siyosati instituti (STEPI) tomonidan Koreya va rivojlanayotgan mamlakatlar oʻrtasida fan, texnologiyalar va innovatsiyalar siyosati hamkorligi platformasi sifatida boshlangan. O‘zbekiston ushbu dasturda 2014-yildan buyon birinchi marta g‘olib bo‘ldi.
Fan va texnologiya siyosati instituti (STEPI) 1987-yilda tashkil etilgan Koreya Respublikasining hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan tadqiqot tashkiloti hisoblanadi. Uning asosiy vazifasi milliy rivojlanishni qoʻllab-quvvatlash va global raqobatbardoshlikni oshirish uchun fan, texnologiya va innovatsiyalar sohalarida siyosiy tadqiqotlar va tahlillarni taʼminlashdan iborat.