Valyuta kurslari 23/06/2025
$1 – 12496.94
UZS – -0,5%
€1 – 14405.22
UZS – -0,05%
₽1 – 159.38
UZS – -0,49%
Qidirish
Iqtisod 02/04/2025 Temu 46 milliard so‘m soliq to‘lashi lozim

Temu 46 milliard so‘m soliq to‘lashi lozim
 

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoyning Temu onlayn-savdo platformasi O‘zbekistonda blokirovkani olib tashlash uchun qariyb 46 milliard so‘m miqdorida soliq to‘lashi kerak. Bu haqda 1-aprel kuni Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, elektron savdo platformalarini soliqqa tortish dunyo miqyosida dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. Soliq qo‘mitasi tomonidan olib borilgan tahlil shuni ko‘rsatdiki, elektron tijorat sohasida faoliyat yuritayotgan ko‘plab onlayn savdo maydonchalari soliq majburiyatlarini bajarmayapti. Ular orasida nafaqat Temu, balki Wildberries ham bor, deya qayd etdi Mirzayev. Uning so‘zlariga ko‘ra, Wildberries ham shu kungacha soliqlarni to‘lamagan.

«Ko‘pchilik nega faqat Temu ekanligini so‘rashi mumkin. Ammo biz bozorning barcha ishtirokchilariga soliqqa oid qonunchilikka rioya qilish zarurligi haqida bildirishnomalar yuborganmiz», — dedi u.

Mirzayev Wildberries misolini keltirib, ushbu kompaniya yaqinda byudjetga 51,2 milliard so‘m soliq to‘laganini aytdi. Shundan so‘ng, soliq idoralari kompaniyaga hech qanday da’vo yo‘qligi haqida xulosa bergan, bu esa unga O‘zbekistonda faoliyatini davom ettirish imkonini bergan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Temu’ning soliq qarzi qariyb 46 milliard so‘mni tashkil etadi, ammo bu raqamlar hozirda Soliq qo‘mitasi tomonidan tekshirilmoqda. Shu munosabat bilan kompaniyaga qarzni to‘lash talabi bilan rasmiy bildirishnoma yuborilgan. Agar Temu soliq majburiyatlarini bajarsa, uning faoliyati qonuniy tus oladi.

Temu’ga nisbatan cheklovlar joriy etilishi haqida mart oyining boshlarida ma’lum bo‘lgan edi. Milliy istiqbolli loyihalar agentligi va Soliq qo‘mitasining qo‘shma bayonotida aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 26-dekabrdagi 885-sonli qaroriga muvofiq, elektron tijorat operatorlari, jumladan, onlayn-savdo platformalari faqat O‘zbekistonda rezident sifatida ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar bo‘lishi mumkin. Ushbu normativ hujjat rasmiy e’lon qilingan paytdan boshlab kuchga kirgan.

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy onlayn-savdo platformalarining faoliyati tahlil qilinganda, ularning milliy qonunchilik talablariga mos kelmasligi aniqlangan. Qoidabuzarliklar elektron tijorat, chakana savdo, reklama, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, iste’molchilar huquqlari, shuningdek, mualliflik va turdosh huquqlar sohalariga taalluqli bo‘lgan.

Shu sababli, 2025-yil 20-martdan boshlab O‘zbekiston hududida Temu platformasiga kirish cheklanishi e’lon qilindi. Ammo agar u mamlakat rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tsa va mahalliy qonunchilik talablariga rioya qilsa, o‘z faoliyatini davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

18-mart kuni Soliq qo‘mitasi Temu O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganini va soliq hisobiga qo‘yilganini ma’lum qildi. Biroq idora vakillarining ta’kidlashicha, kompaniyaning avvalgi davrlardagi faoliyati bilan bog‘liq muammolar hali hamon hal qilinmagan va hozirda muzokaralar davom etmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling