TBC Bank Gollandiyalik impakt-investor Triple Jump’dan 12,5 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ jalb qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Mamlakatning eng yirik raqamli banki TBC Bank Gollandiyaning Triple Jump investitsiya kompaniyasidan 12,5 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ jalb qilganini ma’lum qildi. Shu tariqa, bank moliyalashtirish manbalari doirasini kengaytirmoqda va o‘zining yangi mahsuloti – kichik va o‘rta biznes (KO‘B) segmentini kreditlash xizmatini jadal kengaytirish orqali O‘zbekistonda moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirmoqda.
Moliyalashtirish ikki fond o‘rtasida taqsimlangan: 5 million AQSh dollari Triple Jump’ning Global Gender-Smart Fund (GGSF) hisobidan, 7,5 million AQSh dollari esa kompaniyaning ASN Microkredietpool’dan keladi. Jamg‘armalarning maqsadi rivojlanayotgan bozorlarda mas’uliyatli moliyaviy xizmatlardan foydalanishni kengaytirishdir, GGSF ayollar va tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan.
Jalb etilayotgan mablag‘lar TBC’ga O‘zbekistonda moliyaviy mahsulotlardan foydalanishdagi tengsizlikni kamaytirish imkonini beradi. Raqamli bank, bank sektori tomonidan an’anaviy ravishda e’tiborsiz qolgan guruhlarga, birinchi navbatda ayollarga, shuningdek, ayollar boshchiligidagi korxonalarga kreditlar beradi. Ushbu tashabbus TBC’ning raqamli moliyaviy xizmatlardan yanada adolatli foydalanish imkonini berish orqali odamlar hayotini osonlashtirish missiyasini aks ettiradi.
Nika Kurdiani, CEO TBC Uzbekistan: “Ushbu kelishuv Triple Jump bilan hamkorligimizni yanada mustahkamlaydi va moliyalashtirish manbalarimiz faol diversifikatsiya qilinayotgan hamda mahsulot qatorimiz kengayayotgan bir paytda amalga oshirildi. Bu kelajakda kredit portfelimizdagi asosiy segmentga aylanishi kerak bo‘lgan kichik va o‘rta biznesni kreditlashda ishtirokimizni oshirishga yordam beradi. Biz asosiy maqsadimiz — O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan bozorlarda zamonaviy moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish va milliy iqtisodiyotning o‘sishini rag‘batlantirish sari intilyapmiz”.
Jarri Yung, Triple Jump moliya institutlari direktori: “Biz TBC Bank bilan hamkorlikni mustahkamlashdan mamnunmiz va bankning raqamli xizmatlar mamlakatning barcha aholisi uchun ochiqligini ta'minlashga qaratilgan sa'y-harakatlarini qo'llab-quvvatlashga tayyormiz. TBC O‘zbekistonda moliyaviy inklyuzivlikni rivojlantirishda allaqachon ajoyib natijalarga erishdi va bizning boshqaruvimiz ostidagi jamg‘armalarning investitsiyalari bankka yanada katta ijobiy o‘zgarishlar qilishda yordam beradi, deb hisoblaymiz”.
Yangi kelishuvni hisobga olgan holda, Triple Jumpning TBC oldidagi umumiy majburiyatlari 22,5 million AQSh dollariga yetdi. Avvalroq, 2024-yil noyabr oyida GGSF bank bilan 10 million AQSh dollari miqdorida qarzni moliyalashtirish bo‘yicha shartnoma tuzgan edi. Bundan tashqari, xuddi shunday qarzni moliyalashtirish shartnomasi aprel oyida Shveytsariyaning Blue Orchard impakt-investori bilan imzolangan boʻlib, uning TBC oldidagi majburiyatlarining umumiy hajmi 45 million AQSh dollarni tashkil etdi. Bank fond manbalarini diversifikatsiya qilish, barqaror va uzluksiz o‘sishni ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyasining bir qismi sifatida ulgurji moliyalashtirishni davom ettirmoqda.