«Tashkent Invest» va SUMEC hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuv imzoladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “SUMEC International Technology & Trade Co., Ltd” kompaniyasi Boshqaruv raisi Xu Xayszin bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida savdo-iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish hamda maxsus investitsion platforma yaratish orqali 1 mln. AQSH doll.dan kam bo‘lmagan miqdordagi investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, tijorat binolarini va infratuzilma obyektlarini qurish, kompaniya texnologiyalarini jalb qilgan holda sanoat zonalarini rivojlantirish, energetika va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, 2025 yilning IV choragida “O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma biznes-forumi”ni o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Yakunda Toshkent Invest Kompaniyasi AJ va “SUMEC International Technology & Trade Co., Ltd” kompaniyasi bilan umumiy qiymati 100 mln. AQSH doll.lik “Yangi Avlod Maxsus sanoat zonasi”ning investitsiya salohiyatini Xitoy kompaniyalari o‘rtasida targ‘ib qilish, shuningdek, Toshkent shahridagi Kichik sanoat zonalari hududida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun moliyaviy resurslarni jalb qilish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Kelgusida, ikki davlat o‘rtasida savdoni rivojlantirish maqsadida davlat va xususiy sektorning birgalikdagi loyihalarini rivojlantirish uchun o‘zaro uzviy hamkorlik qilishga kelishib olindi.