Valyuta kurslari 18/06/2025
$1 – 12668.14
UZS – -0,37%
€1 – 14640.57
UZS – -0,61%
₽1 – 161.15
UZS – -0,37%
Qidirish
Iqtisod 02/06/2025 Tariflarni erkinlashtirish orqali energiya resurslardan oqilona foydalanish va samaradorligini oshirish

Tariflarni erkinlashtirish orqali energiya resurslardan oqilona foydalanish va samaradorligini oshirish

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘sib borayotgan talabni hisobga olgan holda barqaror bozor mexanizmlarini yaratish va investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan tariflarning erkinlashtirilishi energetika sohasidagi keng ko‘lamli islohotlarning davomi bo‘ldi.  

Shu munosabat bilan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2024 yil may oyida joriy etilgan ijtimoiy isteʼmol normasiga asoslangan yangi tarif siyosatining uy xo‘jaliklarining energiya isteʼmoliga taʼsirini baholash bo‘yicha tadqiqot o‘tkazildi. 

Tadqiqotda respublikaning barcha hududlaridan 3516 ta uy xo‘jaliklari ishtirok etdi. Shuningdek, 3,5 million tabiiy gaz va 8 million elektr energiyasi abonentlarining isteʼmol maʼlumotlari tahlil qilindi. Bu esa, energiya isteʼmoli tarkibi va tariflar o‘zgarishiga aholining munosabatini tushunish imkonini beradi. 

Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, 2024 yil may oyida joriy etilgan ijtimoiy normaga asoslangan yangi tariflar natijasida aholining energiya isteʼmolida iqtisod qilish sezilarli o‘zgargan. Xususan, may-dekabr oylarida elektr energiyasi isteʼmoli 2023 yilning mos davriga nisbatan 1,3 mlrd kVt*soatga (-10,6%) qisqargan.

Ilgari oyiga 10 ming kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi isteʼmol qilgan uy xo‘jaliklari soni ayniqsa sezilarli darajada kamaydi. Xususan, 2023 yilda bunday uy xo‘jaliklarining soni 80 mingga yaqin bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilda bunday isteʼmolchilar soni 15 mingtaga tushgan. 

Eʼtiborli tomoni, aksariyat aholi odatdagi meʼyorlar doirasida energiya isteʼmolidan foydalanishni davom ettirdi. Oyiga 200 kVt/soatgacha elektr energiyasi isteʼmol qilgan abonentlar ulushi 2023 yilda 71%ni va 2024 yilda 72%ni tashkil etib, barqarorligicha qoldi.

Tabiiy gaz isteʼmolida ham shunday tendensiya kuzatildi, 2024 yilda abonentlarning 58%i 500 kub metrgacha tabiiy gaz ishlatgan bo‘lsa, 2023 yilda 54%ni tashkil etgan. Shunday qilib, tariflarning oshishi asosiy isteʼmol hajmining keskin o‘zgarishiga olib kelmadi.

Elektr energiya isteʼmolida eng sezilarli pasayish dastlabki isteʼmoli nisbatan yuqori bo‘lgan hududlarda, masalan, Samarqand, Toshkent, Andijon va Namangan viloyatlarida kuzatildi. Yuqori isteʼmol darajasi (oyiga 10 000 kVt/soatdan ortiq) bo‘lgan uy xo‘jaliklari sonining sezilarli darajada kamayishi  energiya resurslaridan tejamkor foydalanishga o‘tishdan dalolat beradi.

Shu bilan bir qatorda energiya taʼminoti sifati ham yaxshilanmoqda. So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning deyarli yarmi elektr energiyasi bilan taʼminlash, shuningdek, tabiiy va suyultirilgan gaz bilan taʼminlash borasidagi ijobiy o‘zgarishlarni qayd etdi. 

Uy xo‘jaliklarining 47%, xususan, Surxondaryo (78%), Sirdaryo (70%) va Namangan (67%) viloyatlarida elektr energiyasi taʼminoti yaxshilangani qayd etildi.
Respondentlarning 39%ida tabiiy gaz taʼminoti yaxshilandi, eng yuqori ko‘rsatkichlar Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida (har biri 68%) hamda Jizzax viloyatida (60%) qayd etildi.

Aholining 45%ini, xususan, Sirdaryo (73%), Surxondaryo (62%) va Namangan (59%) viloyatlarida suyultirilgan gaz bilan taʼminlash yaxshilandi. Shunday qilib, davom etayotgan islohotlar natijasida asosiy energiya xizmatlaridan foydalanish yaxshilanganligini ko‘rsatadi.

Ijobiy o‘zgarishlardan yana biri uy xo‘jaliklarida maishiy darajada energiya tejash choralarini keng joriy etish bo‘ldi. Respondentlarning 90%dan ortig‘i energiya xarajatlarini kamaytirish uchun kamida bitta chora-tadbir amalga oshirilganligini maʼlum qildi.

Eng keng tarqalgan amaliyot LED-yoritish moslamalarini o‘rnatish bo‘lib, uy xo‘jaliklarining 87%i svetodiodli yoritishga o‘tgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy va Toshkent viloyatlari kabi ayrim hududlarda bunday oilalar soni 90%dan oshdi.

Uy xo‘jaliklarining 44%i, ayniqsa, Qashqadaryo (84%), Buxoro (69%) va Xorazm (54%) viloyatlarida plastik deraza va eshiklarni o‘rnatish orqali energiya samaradorligini yaxshilagan.

31% uy xo‘jaliklari energiya tejamkor maishiy texnika sotib olgan, bunday qarorlarning eng katta ulushi Jizzax (60%), Navoiy (59%) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston (54%) Respublikasida kuzatildi.

Bundan tashqari, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishga qiziqish ortib bormoqda. 

Respublikadagi 64 ming uy xo‘jaliklarida umumiy quvvati 223,4 MVt/soat bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan. Yillik ishlab chiqarish qariyb 313 mln kVt/soatni tashkil etadi, bu orqali 104 mln kub metr tabiiy gaz tejaldi.

Quyosh panellarini o‘rnatgan uy-xo‘jaliklarining yarmidan ko‘pi erishilgan natijalardan mamnun ekanliklarini, kelgusida mazkur qurilmalar sonini ko‘paytirishga qiziqish bildirishgan. Tahlil shuni ko‘rsatadiki, respublikada 1,9 mln uy xo‘jaliklarida quyosh panellarini o‘rnatishga talab mavjud, bu esa umumiy qiymati 2,3 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan quyosh panellari bo‘yicha ichki bozorni shakllantirish istiqbollari ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, xonadonlarda samaradorligi past bo‘lgan gaz kotellari va qo‘lbola pechka orqali yuqori energiya isteʼmoli saqlanib qolmoqda, bu uy-joy infratuzilmasini modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarga o‘tishni rag‘batlantirish zarurligini ko‘rsatadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling