SWISS GROW kompaniyasi O‘zbekistonning charm sanoatidagi ekologik loyihaga 2 million dollar sarmoya kiritadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil — O‘zbekistonda “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingan. Bu davlat siyosatining muhim yo‘nalishi sifatida belgilab berilgan yil, shunchaki shior emas, balki amaliy qadamlar, texnologik islohotlar va yangi hamkorliklar davriga aylanmoqda. Ana shunday tashabbuslardan biri sifatida Shveytsariyaning ekologik innovatsiyalar sohasidagi yetakchi kompaniyasi — SWISS GROW va “O‘zcharmsanoat” uyushmasi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Muloqot markazida — charm mahsulotlarini qayta ishlash jarayonida paydo bo‘ladigan chiqindilarni qayta ishlash va undan qishloq xo‘jaligi sohasi uchun zarur mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish masalasi bo‘ldi. Ko‘p hollarda charm zavodlardagi chiqindilar yillar davomida utilizatsiya qilingan yoki yo‘qotilgan, ammo ularning qiymati va imkoniyati ko‘pchilikka noma’lum bo‘lib kelgan. SWISS GROW taklif etayotgan texnologiyalar esa bu chiqindilarni qishloq xo‘jaligi uchun qimmatli mineral o‘g‘itlarga aylantirish imkonini beradi.
Buning ma’nosi shundaki, foyda ikki yo‘nalishda bir vaqtning o‘zida yaratiladi: birinchidan, atrof-muhit ifloslanishidan himoya qilinadi; ikkinchidan, qishloq xo‘jaligi mahalliy, ekologik toza o‘g‘it bilan ta’minlanadi. Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bunday “ikkala tomonga foyda” beruvchi texnologiyalar Yevropa va Janubiy Koreya kabi rivojlangan mamlakatlarda allaqachon ishlamoqda va o‘zini oqlagan. O‘zbekiston esa bu gal uni faqat import qilish bilan cheklanmasdan, mahalliy ishlab chiqarish zanjiriga integratsiya qilish niyatida. Bu — sanoat va agrar sektorni uyg‘unlashtiruvchi yangi bosqich, “yashil” iqtisodiyotning amaliy ifodasi.
Muzokaralarda ushbu investitsiya loyihasini amalga oshirish tartiblari, qonunchilik bazasi va loyiha uchun zarur yer maydonlari muhokama qilindi. Shuningdek, loyiha ishga tushishi bilan birinchi bosqichda 60 foiz charm mahsulotlaridan hosil bo‘ladigan chiqindilar to‘liq qayta ishlanishi ta’kidlandi. Loyiha qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 2 mln dollar deya baholanmoqda.
O‘zbekistonning xalqaro imiji uchun ham bu yangilik strategik ahamiyatga ega. Chunki u mamlakatni faqat xomashyo yetkazib beruvchi emas, balki yuqori texnologiyali, ekologik mas’uliyatli, innovatsiyaga ochiq hamkor sifatida namoyon etadi. Charm sanoati chiqindisini tuproqqa hayotga aylantirish g‘oyasi — bu shunchaki qayta ishlash emas, balki resurslarni qayta baholash, kelajak uchun barqaror yechim yaratish demakdir.