Valyuta kurslari 26/06/2025
$1 – 12531.78
UZS – 0,61%
€1 – 14538.12
UZS – 0,53%
₽1 – 159.82
UZS – 0,92%
Qidirish
Iqtisod 01/03/2025 SSV delegatsiyasi Arab davlatlari, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon biznes forumida ishtirok etdi

SSV delegatsiyasi Arab davlatlari, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon biznes forumida ishtirok etdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 26-27-fevral kunlari O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Shohrux Gulamov boshchiligidagi delegatsiya BAAda bo‘lib, Abu-Dabi shahrida Arab davlatlari ligasi ko‘magida o‘tkazilgan Arab davlatlari, Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon biznes-forumida hamda Investopia xalqaro forumida ishtirok etdi.

Tadbirlarda Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi (GCC), Markaziy Osiyo va Ozarbayjonning investitsiya va savdo vazirlari ishtirok etdi.

Asosiy mavzular qatorida agrosanoat sohasida kooperatsiyani rivojlantirish, halol mahsulotlar ishlab chiqarish, yashil iqtisodiyot, neft-gaz sanoati, infratuzilmani rivojlantirish, sun’iy idroqni joriy etish kabi masalalar muhokama qilindi.

Forumda so‘zga chiqqan Shoxrux Gulamov GCC davlatlari, Markaziy Osiyo va Ozarbayjonning o‘zaro hamkorligini mustahkamlash, yangi imkoniyatlarni o‘rganish va barqaror rivojlanishni ta’minlash platformasi hisoblangan ushbu tadbirning ahamiyatini alohida ta’kidladi.

Forum ishtirokchilari O‘zbekistonda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning natijalari bilan tanishtirildi. Xususan, mamlatimizda oxirgi yillarda iqtisodiyotning ochiqligi ta’minlangani, to‘siqlar bartaraf etilgani, soliq va yig‘imlar kamaytirilgani, investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish qonun bilan mustahkamlangani, xususiylashtirish dasturi amalga oshirilayotgani, infratuzilmasi rivojlangan EIZlar tashkil etilayotgani qayd etildi.

Natijada mamlakat iqtisodiyoti qariyb ikki baravar oshdi, o‘tgan yilda o‘sish sur’atlari 6 foizdan ko‘paydi. Markaziy Osiyo davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 7 milliard dollarga, GCC mamlakatlari bilan esa 1 milliard dollarga yetdi. Oʻzbekistonning Fors koʻrfazi va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan investitsiya portfelining umumiy qiymati 70 milliard dollarni tashkil etadi.

Mintaqa davlatlari bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyorlik bildirildi. Shu o‘rinda, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, tog‘-kon sanoati, energetika, sog‘liqni saqlash va turizm kabi sohalardagi hamkorlikning ulkan imkoniyatlari alohida ta’kidlandi.

O‘z so‘zining yakunida Shoxrux Gulamov tadbir qatnashchilarini shu yilning may oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo va GCC davlatlarining ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etishga taklif etdi.

Tashrif doirasida Birlashgan Arab Amirliklarining yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Muzokaralarda amalga oshirilayotgan loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqildi hamda hamkorlik ko‘lamini kengaytirish va samaradorligini oshirishning yangi yo‘nalishlari belgilandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling