Valyuta kurslari 19/06/2025
$1 – 12618.63
UZS – -0,39%
€1 – 14516.47
UZS – -0,85%
₽1 – 160.83
UZS – -0,2%
Qidirish
O‘zbekiston 23/05/2025 Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli joriy etiladi

Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli joriy etiladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Respublikada sog‘liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning yangi tizimini joriy etishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

xalqaro tajribaga asoslangan aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning yangi modelini joriy qilish;

aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishda oilaviy shifokor ulushini 70 foizga yetkazish;

sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish hamda tibbiyotda qog‘ozbozlikni kamaytirish orqali tibbiyot xodimlari ish yuklamasini 30 foizgacha kamaytirish;

2025 yil 1 iyuldan mazkur Farmonda belgilangan tuman (shahar)larda, 2026 yil 1 yanvardan Samarqand viloyatining barcha tuman (shahar)larida tajriba-sinov tariqasida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli (tajriba-sinov loyihasi) joriy qilinadi.

Tajriba-sinov loyihasi doirasida tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari negizida tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari tashkil etiladi.

Tajriba-sinov loyihasi doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimida quyidagilar yo‘lga qo‘yiladi, jumladan:

oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokor punktlari,

shu jumladan, ularga filial sifatida biriktirilgan muassasalar hamda mahalla tibbiyot punktlari biriktirilgan aholi sonidan kelib chiqib, yuridik maqomga ega oilaviy poliklinikalarga hamda ularning filiallariga aylantiriladi;

oilaviy poliklinikalarda aholiga tibbiy yordam ko‘rsatuvchi oilaviy shifokor, pediatr, akusher-ginekolog va tashxislash xizmatlarini ko‘rsatuvchi mutaxassislar, shuningdek, autsorsing asosida stomatologiya xizmati yo‘lga qo‘yiladi;

aholiga oilaviy shifokorni erkin tanlash huquqi beriladi.

Shuningdek, tibbiyot brigadasiga 3 ming nafar, zarur hollarda, belgilangan meʼyorlarga qo‘shimcha aholi biriktirilishi mumkin. Bunda 2030 yilga qadar 1 tibbiyot brigadasiga ko‘pi bilan 1,7 ming nafar aholi biriktirilishi strategik maqsad etib belgilanadi.

Oilaviy poliklinikalarda tibbiyot xodimlari faqat to‘liq stavkada faoliyat yuritadi.

Oilaviy poliklinikadan 10 kilometrdan uzoq masofada joylashgan mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashovchi aholi uchun tibbiyot xodimlarining sayyor tibbiy xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

Tajriba-sinov loyihasi doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot xodimlari bazaviy tarif stavkalariga quyidagi miqdorlarda qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi:

lavozim maoshi yoki bazaviy tarif stavkasining 50 foizi miqdorida;

tibbiyot brigadasiga belgilangan meʼyorlardan 10 foiz ortiqcha qo‘shimcha biriktirilgan aholining har biri uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 0,3 foizi miqdorida – shaharlarda, 0,5 foizi miqdorida – tumanlarda;

oila salomatligi bo‘yicha maxsus o‘quv dasturi asosida tashkil etiladigan kurslarning barcha bosqichlarini muvaffaqiyatli tugatgan tibbiyot xodimlari uchun sertifikatga muvofiq bazaviy tarif stavkasining 100 foizi miqdorida.

Tajriba-sinov loyihasi doirasida tuman (shahar) markaziy shifoxonalarida shifokorlarning oylik lavozim maoshlari – 20 foiz, o‘rta tibbiyot xodimlarining oylik lavozim maoshlari – 10 foiz miqdorida oshiriladi.

Tajriba-sinov loyihasi doirasida oilaviy poliklinikalar va tuman (shahar) markaziy shifoxonalarining tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) asosida oylik lavozim maoshining 100 foizigacha miqdorda ustama joriy etiladi.

Tajriba-sinov loyihasi doirasida tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari va tibbiyot muassasalarida:

rahbarlar uchun tibbiyotni boshqarish (menejerlik) bo‘yicha o‘quv dasturi yo‘lga qo‘yiladi;

o‘quv dasturi yakuni bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lgan rahbarlarga oylik lavozim maoshining 100 foizi, rahbar o‘rinbosariga – 80 foizi hamda bosh hamshiraga – 50 foizi miqdorida ustama to‘lanadi;

rahbar xodimlar uchun faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) belgilanadi hamda oylik lavozim maoshining 100 foizigacha miqdorda ustama joriy etiladi;

1 yil davomida faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlarida (KPI) ijobiy (56 foizdan yuqori) natijalarga erishmagan rahbar xodimlar lavozimidan ozod qilinadi.

Tajriba-sinov loyihasi doirasida hududiy darajadagi tibbiyot muassasalari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan ro‘yxatga muvofiq tashkiliy, boshqaruv va moliyaviy jihatdan birlashtirilib ko‘p tarmoqli shifoxonalarga aylantiriladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling