Sirdaryo viloyatida xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari holatini o‘rganish natijalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 13-may kuni Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘rganish va hal etish bo‘yicha Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganish natijalari muhokamasiga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda senatorlar, vazirlik va idoralar masʼullari, ekspertlar, shuningdek, xalq deputatlari mahalliy Kengashlar hamda Yoshlar parlamenti aʼzolari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, 2025-yilning birinchi choragida kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limlariga ish so‘rab murojaat qilganlar 6 625 nafar bo‘lib, shundan 3 841 nafarini xotin-qizlar tashkil etgan. Ushbu xotin-qizlarning 1 915 nafari ishga joylashtirilgan, 1265 nafari kasbga o‘qitishga yuborilgan, 15 nafariga ishsizlik nafaqasi tayinlangan.
Viloyat bo‘yicha 44 ta bo‘sh ish o‘rni yarmarkalari o‘tkazilgan bo‘lib, ularda 505 ta korxona va tashkilotlar qatnashgan. Yarmarkalarga 2 078 nafar fuqaro jalb etilgan bo‘lib, shundan 656 nafari xotin-qizlarni tashkil etgan. Bu xotin-qizlarning 143 nafari ishga joylashtirilgan, 191 nafari kasbga o‘qitishga yuborilgan, 249 nafariga maslahatlar berilgan.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida tijorat banklari tomonidan 203,3 ming nafar xotin-qizga 3 trln 128 mlrd so‘m imtiyozli kredit ajratilgan.
Oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan ehtiyojmand oilalardan bo‘lgan 139 nafar talaba qizga 1 mlrd 150 mln so‘m kontrakt to‘lovlari Davlat byudjetidan qoplab berilgan.
Viloyat bo‘yicha ijtimoiy himoyaga muhtoj 90 nafar xotin-qiz uy bilan taʼminlangan. Shuningdek, 4 861 ta oilaga bolalar nafaqasi va 286 ta oilaga moddiy yordam tayinlangan.
O‘rganishlar davomida viloyatda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etish bo‘yicha o‘z yechimini kutayotgan ayrim masalalar hamda ishga solinmagan imkoniyatlar mavjudligini aniqlangan.
Xususan, bandligi taʼminlanganligi qayd etilgan 1 915 nafar xotin-qizdan 740 nafari (38,6 foizi) soliq organlari maʼlumotlari bazasida tasdig‘ini topmagan. Shundan, 117 nafari ijtimoiy daftarlarga (“Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”) kiritilgan xotin-qizlarni tashkil etadi.
2024-2025-o‘quv yilida viloyatdagi oliy taʼlim muassasalarini bitirgan 1 809 nafar xotin-qizdan 781 nafarining (43,1 foiz) bandligi taʼminlanmagan.
Viloyat bo‘yicha kvotadan foydalanish darajasi 24,2 foiz bo‘lsa-da, Yangiyer shahrida bu ko‘rsatkich atigi 2 foizni tashkil qilgan.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 283 ta ish o‘rni band qilingan bo‘lib, Boyovut, Guliston tumanlari va Yangiyer shahrida ushbu ish o‘rinlaridan foydalanilmagan.
Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi tomonidan o‘qitilgan xotin-qizlarning keyinchalik bandligini taʼminlash bo‘yicha monitoring olib borilmagan.
Shuningdek, xotin-qizlarni kasb-hunar, tadbirkorlik va tomorqa xo‘jaligini yuritishga o‘qitish jarayonini tashkil etish tartibiga asosan o‘quv dasturlarining o‘quv soatlari o‘rgatiladigan sohaning yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda belgilanishi lozim. Biroq 30 dan ziyod o‘quv yo‘nalishlarining barchasi bir xil 36 soat hajmda olib borilmoqda.
Majlis yakunida Qo‘mitaning yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan qarori qabul qilindi.