Silk Avia 30 maydan boshlab Toshkent — Sariosiyo — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Silk Avia aviakompaniyasi 2025 yil 30 maydan boshlab Toshkent — Sariosiyo — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam parvozlarni amalga oshirishni boshlaydi, deb xabar bermoqda tashuvchining matbuot xizmati. Parvozlar haftasiga ikki marta — chorshanba va juma kunlari amalga oshiriladi. Biletning eng kam narxi — 470 ming so‘m.
Reyslar jadvali:
Chorshanba: — Toshkentdan uchish: 10:00, Sariosiyoga yetib borish: 11:15
— Qaytish reysi: Sariosiyodan uchish: 11:55, Toshkentga yetib borish: 13:10
Juma: — Toshkentdan uchish: 14:05, Sariosiyoga yetib borish: 15:20
— Qaytish reysi: Sariosiyodan uchish: 16:00, Toshkentga yetib borish: 17:15
Aviaqatnovlarning tiklanishi Sariosiyo aeroporti rekonstruksiya qilinishi natijasida amalga oshdi. Mazkur ishga Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yil noyabr oyida topshiriq bergan. Bu Surxondaryo viloyatida turizmni rivojlantirish dasturining bir qismi hisoblanadi.
Yangilangan aeroportga ilk texnik reys 29 aprel kuni amalga oshirilgan.
Kapital taʼmir doirasida uzunligi 1550 metr va kengligi 35 metr bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi mustahkamlandi, rulej yo‘lagi va ATR 72-600 turdagi ikki samolyotga mo‘ljallangan perron qurildi. Shuningdek, soatiga 100 nafar yo‘lovchini qabul qila oladigan yangi terminal qurilishi yakunlanmoqda.