Shvetsiyada O‘zbekiston turizm salohiyati taqdimoti o‘tkazildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Turizm qo‘mitasi delegatsiyasi Shvetsiya poytaxti Stokgolm shahrida o‘tkazilgan “Samarqand – Ipak yo‘lining durdonasi” deb nomlangan madaniy-ma’rifiy kechada ishtirok etdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasining Shvetsiya Qiroligidagi elchixonasi va O‘zbekiston Milliy universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda Shvetsiya akademik, ishbilarmon va turizm doiralari hamda diplomatik korpus vakillari qatnashdi.
Tadbir doirasida O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot tashkil qilindi. Ushbu sohada so‘nggi yillarda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, erishilgan yutuqlar va kelgusi rejalar, jumladan, Shvetsiya va uning atrofidagi boshqa Skandinaviya mintaqasi davlatlaridan turizm oqimini ko‘paytirish istiqbollari batafsil yoritildi. “Samarqand – Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” mavzusi hamda uning turizmni rivojlantirishdagi beqiyos o‘rniga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, qator mahalliy turoperatorlar va soha targ‘ibotiga ixtisoslashgan kompaniyalar vakillari bilan “B2G” va “B2B” muzokaralari o‘tkazildi va turizmni rivojlantirishning turli yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish borasida tegishli kelishuvlarga erishildi.
Tashkilotchilar tomonidan ishtirokchilarga milliy kuy va raqslardan iborat konsert dasturi, mamlakatimiz boy madaniy merosi, amaliy san’at va hunarmandchilik namunalari hamda gastronomik salohiyatini namoyon qiladigan ko‘rgazma taqdim etildi.