Valyuta kurslari 20/06/2025
$1 – 12559.26
UZS – -0,47%
€1 – 14413.01
UZS – -0,71%
₽1 – 160.17
UZS – -0,41%
Qidirish
O‘zbekiston 24/04/2025 Senator sug‘urta sohasidagi huquqiy ziddiyatlar yuzasidan Hukumatga so‘rov bilan murojaat qildi

Senator sug‘urta sohasidagi huquqiy ziddiyatlar yuzasidan Hukumatga so‘rov bilan murojaat qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgan inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash davlat organlarining ustuvor vazifalaridan hisoblanadi. Yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda ham inson qadrini ulug‘lash g‘oyasi alohida uqtirilgan.

Shu bois fuqarolarning murojaatlari asosida mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha Senat aʼzolari tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi Qutbiddin Burxonov shu nuqtai nazardan qonunchilikda mavjud tafovut va qarama-qarshiliklar oqibatida fuqarolarda jiddiy muammolar yuzaga kelayotgani holati yuzasidan Hukumatga senator so‘rovi bilan murojaat qildi.

Mazkur senator so‘rovida taʼkidlanganidek, sug‘urta sohasidagi ayrim qonun va qonunosti hujjatlarining o‘zaro nomuvofiqligi tufayli fuqarolarning haqli talablari inkor etilmoqda. Xususan, transport vositasini haydovchi shaxslar sonini cheklanmagan deb ko‘rsatib sug‘urta qildirgan bir fuqaro yo‘l harakati hodisasiga uchraganidan so‘ng sug‘urta tovonidan mahrum bo‘lgan. Bunga sug‘urta kompaniyasi tomonidan transport vositasi egasining farzandi haqida sug‘urta polisida maʼlumot yo‘qligi bahona qilingan.

Biroq amaldagi qonunchilikda bunday holatda yaqin qarindoshlarni alohida ko‘rsatish talabi mavjud emas. Shu bilan birga, Prezident Farmoni bilan 2019-yildan buyon yaqin qarindoshlar o‘rtasida ishonchnomani notarial tasdiqlash talabi bekor qilingan.

Bunday ziddiyatli vaziyatlar ko‘plab fuqarolarning eʼtirozlariga sabab bo‘lmoqda. Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga 2023-yilda shunday mazmunda 100 dan ortiq murojaat kelib tushgani ham buning tasdig‘idir.

Senator so‘rovida Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 24-iyundagi 141-son qarorida nazarda tutilgan qoidalarga tegishli o‘zgartirish va aniqlik kiritish orqali bu kabi muammolarni hal etish imkoniyati mavjudligi qayd etilgan.

Mazkur masala yuzasidan Hukumatdan o‘z munosabatini bayon etish, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan ko‘rilayotgan choralar va ularning natijalari haqida yozma shaklda asoslangan tushuntirish berish so‘ralmoqda.

Senator so‘rovining javobi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida muhokama qilinib, tegishli qaror qabul qilinishi nazarda tutilmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling