Senatda Yevropa parlamenti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 14-aprel kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Yevroparlamentning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi raisi Tomash Zdexovskiy boshchiligidagi Yevropa parlamenti delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Siyosiy muloqotning yuksak darajasi va parlamentlararo aloqalarning kengayib borishi dinamikasi qayd etildi.
O‘tgan hafta Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi yakunlariga alohida eʼtibor qaratildi. Taʼkidlanganidek, Yevropaning 18 ta mamlakatidan delegatsiyalar ishtirok etgani Yevropa Ittifoqi qo‘llab-quvvatlaganining yorqin dalili bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xalqaro miqyosda keng aks-sado bergan nutqi yuksak baholandi.
Shuningdek, 4-5-aprel kunlari Samarqand shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tarixda birinchi marotaba bo‘lib o‘tgan "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" birinchi sammiti yakunlari ham ko‘rib chiqildi. Erishilgan kelishuvlar, shu jumladan Toshkent shahrida Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy vakolatxonasini ochish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar Oliy Majlis Senati va Yevropa parlamenti o‘rtasidagi parlamentlararo muloqotni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladi.